Senator Robaxon Mahmudova Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimini egalladi. Bu haqda “Daryo”ning sud tizimidagi manbasi xabar qilgan.

Robaxon Mahmudova

Foto: “Daryo”

Robaxon Mahmudova yanvarda Farg‘ona viloyatidan senator etib saylangan, keyinroq O‘zbekiston Senatining Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi lavozimiga saylangandi. 2020-yil mart oyida “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Robaxon Mahmudova 1968-yili Farg‘onada tug‘ilgan. U mehnat faoliyatini quyi sudlardan boshlab, Oliy sud sudyasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan, Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi raisi vazifasida ishlagan. 2020-yil yanvarigacha Farg‘ona viloyati Xalq qabulxonasi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.