Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 29-iyundagi 31-son bayoniga asosan 2020-yilning 5-iyulidan boshlab COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan fuqarolarning uy sharoitida davolash joriy etilgan, kasallikning alomatsiz shakli bilan kasallangan fuqarolarni uy sharoitida davolashni tizimli va sifatli tashkil qilish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan fuqarolarni uy sharoitida davolash va epidemiologik surishtirish o‘tkazish tartibi, bemorlarni 10 kunlik tibbiy kuzatuv monitoring hisoboti va bemorlar to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘plash hamda tahlil qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berildi, deb yozmoqda SSV axborot xizmati.

Foto: “Daryo”

Xabarda qayd etilishicha, bemorlarni uy sharoitida davolashga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha har bir hududga mas’ul xodimlar biriktirilgan.

Fuqarolarga har tomonlama qulaylik yaratish, COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan bemorlarning uy sharoitida davolanishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday savollarga aniq va ishonchli javob berish maqsadida doimiy ravishda faoliyat yurituvchi, malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan Call-markazlar va maxsus shtablar tashkil etilgan.

COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan fuqarolarning uy sharoitida davolanishlari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligining 1003 qisqa raqamli Call-markaziga hamda fuqarolarning yashash joyidagi oilaviy poliklinika, qishloq vrachlik punkti yoki qishloq oilaviy poliklinikasiga telefon orqali murojaat qilishi so‘raladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan fuqarolarga uy sharoitida davolanish davrida kasallikni oila a’zolari va boshqa fuqarolarga yuqtirmaslik uchun uydan chiqmasliklarini, aksirgan, yo‘talganda burun va og‘izni yopish, qo‘lni doimo sovun bilan yuvish va antiseptik vositalar bilan zararsizlantirish, tibbiy niqob taqish va uni belgilangan tartibda almashtirish, xonani har 2-3 soatda tez-tez shamollatish, uydagilar bilan muloqotni cheklash, ovqatlanganda alohida idish-tovoqlardan foydalanishni hamda sanitariya qoidalariga qat’iy amal qilishni tavsiya etgan.

Avval O‘zbekistonda koronavirusdan uy sharoitida davolanayotganlarga tibbiy yordam berish uchun mobil guruhlar tashkil etilishi xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 5-iyuldan boshlab koronavirusga chalingan ayrim toifa bemorlar o‘z uyida davolanishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.