Toshkentning Chilonzor tumanidagi Tashkent Trade Center (“Abu Saxiy”) savdo markazining bir necha xodimlarida koronavirus aniqlangani sababli bozor yopildi.
6-iyul kuni Savdo markazi ma’muriyati ishchilari va bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlardan koronavirus infeksiyasiga namuna olingan. Test tahlillari natijasiga ko‘ra, bir necha xodimlarda koronavirus infeksiyasi borligi aniqlangan.
Shu sababli tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi mutaxassislari xulosasiga ko‘ra, savdo markazi profilaktika tadbirlarini o‘tkazish uchun vaqtincha yopildi.
Eslatib o‘tamiz, “Abu Saxiy” buyum bozori 16-iyundan boshlab ishga tushgandi. 29-iyun kuni ushbu bozor xodimida koronavirus aniqlangandi. 6-iyul kuni esa “Chorsu” buyum bozori va “Poytaxt” savdo majmuasi sotuvchisida koronavirus aniqlangan.