O‘zbekistonda 28-iyun kuni koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 266 nafar bemordan 16 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 29-iyun kuni 274 nafar bemordan 30 nafari aholi orasida tasdiqlangan. Shundan 20 nafari Toshkent shahrida aniqlandi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Vazirlikning qayd etishicha, ikki kunlik ma’lumotga ko‘ra, ham umumiy kasallanish ko‘rsatkichi, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holati oshgan.

Jumladan, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi yashovchi Sh.G‘.da, Shayxontohur, Mirobod, Yunusobod, Sergeli va Uchtepa tumanlarida yashovchi 8 nafar fuqaroda 29-iyun kuni kasallik qayd etilgan. Ular tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan va kasallik tasdiqlangan.

Shuningdek, kasallik Mirobod tumanidagi xususiy oyoq kiyim ta’mirlash ustaxonasi egasi U.U.da, Mega Planet savdo majmuasidagi “Sofiya” shirinlik do‘koni ishchisi D.T.da, Sergeli tumanidagi “ENTER Engineering” kompaniyasi hisobchisi N.M.da, Respublika o‘smirlar va chaqiriluvchi yoshlarga tibbiy yordam tashkil etish markazi muqobil tibbiy komissiyasi hamshirasi Sh.Sh.da aniqlangan. Hisobchi va hamshira tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan va ularda koronavirus borligi ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi “Kristal” savdo markazi kiyim-kechak do‘koni sotuvchisi U.R. Qozog‘istonga ketayotganligi uchun namuna topshirgan va unda kasallik qayd etilgan. Yunusobod tumanida yashovchi U.B. Yunusobod dehqon bozoriga borgandan keyin tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan va unda koronavirus tasdiqlangan. “Abu Saxiy” savdo markazi xodimi S.Q. ham tana harorati ko‘tarilganligi sababli murojaat qilgan va unda ham kasallik qayd etilgan. Tashkent City qurilish obyekti oshpazi M.M. hamda tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan va koronavirusga chalingani ma’lum bo‘lgan.

O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tobora jiddiylashayotganini hisobga olib, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2020-yil 1-iyuldan boshlab, qator karantin cheklovlari kuchaytiriladi. O‘zbekistondagi barcha buyum bozorlari haftaning har shanba va yakshanba kunlari yopiladi. “Qizil” va “sariq” hududlarda soat 23:00 dan keyin ko‘chada yurish taqiqlandi. “Sariq” hududlarida soat 22:00 dan keyin maxsus ruxsatnomasiz yurgan avtomobillarga qarshi nazorat kuchaytiriladi.