Hindiston va Xitoy Galvan daryosi bo‘yidagi bahsli hudud hisoblanuvchi vodiydan harbiylarini chiqarmoqda. Bu haqda 6-iyul kuni NDTV telekanali xabar qilgan.
“Hindiston va Xitoy qo‘shinlarining o‘zaro hamkorlikda hududni tark etishi amalga oshdi, ikki davlat harbiylarini Galvan daryosi ajratib turibdi. Hindiston va Xitoy qo‘shinlari o‘rtasida xavfsiz hudud tashkil qilingan”, – deya o‘z manbasiga tayanib xabar tarqatgan telekanal.
“Ushbu ajralishning ishonchli va reallikka yaqinligini ko‘rish uchun ma’lum vaqt mobaynida kutish talab etiladi”, – degan telekanal vakili.
Tomonlar chegara hududida barpo etilgan vaqtinchalik inshootlarni ham yig‘ib olmoqda va Hindiston hamda Xitoyni ajratib turuvchi nazorat chegara chizig‘i tomon harakatlanmoqda. Harbiylarning ushbu chiziqdan qancha masofada joylashishi borasida aniq ma’lumot berilmagan.
Qayd etilishicha qo‘shinlarning hududdan olib ketilishi 30-iyundagi maslahatlashuvlarda erishilgan o‘zaro kelishuv asosida amalga oshgan. Muzokaralar Hindiston quruqlikdagi qo‘shinlari 14-korpusi generali Xarinder Singx hamda Xitoy armiyasining Janubiy Shinjon harbiy okrugi qo‘mondoni Lyu Lin o‘rtasida olib borilgan. Bu 6-iyundan beri ikki davlat o‘tkazgan uchinchi maslahatlashuv.
Eslatib o‘tamiz, avval Hindiston va Xitoy chegarasida ikki davlat qo‘shinlari yaqinlashayotgani xabar qilingan. Hindiston va Xitoy chegarasida sodir bo‘lgan to‘qnashuv oqibatida 20 nafar harbiy halok bo‘lgan. Hindiston va Xitoy bahsli hududda 20 nafar askarning o‘limiga sabab bo‘lgan to‘qnashuvda bir-birini ayblayotgandi.
Keyinchalik Xitoy qo‘shinining Hindiston tomon harakatlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Kashmir yaqinida tank guruhi faollashgan va hujumga tayyorgarlik boshlangan.