“O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar qilgan.

Yoshlar ittifoqining binosi

Foto: “Daryo”

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari tashkil etildi.

Hujjatda agentlikning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Agentlik, jumladan, yoshlar bilan bog‘liq soha va yo‘nalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi.

Shuningdek, agentlik yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini ta’minlaydi.

Farmon bilan O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Dasturda, jumladan, O‘zbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari hamda yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini shakllantirish belgilangan.

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar agentlik tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki nodavlat notijorat tashkilotlariga ijtimoiy buyurtma shaklida ajratiladigan davlat grantlari va subsidiyalar taqsimlash orqali moliyalashtiriladi.

2019-yilning dekabr oyida Yoshlar ittifoqi negizida Yoshlar ishlari agentligini tashkil etish haqida xabar qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 30-iyunda “Kamolot” YoIHning IV qurultoyida ishtirok etgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqini tashkil etish taklifini bildirgan va shu kunni O‘zbekistonda Yoshlar kuni sifatida nishonlash tashabbusini ilgari surgandi.