Toshkent shahar Uchtepa tumanida joylashgan sobiq zavod hududi hamda mazkur binodagi tekstil ishlab chiqarish uskunalari auksionda boshlang‘ich narxdan 17 barobar qimmatga sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahri Uchtepa tumanida joylashgan, boshlang‘ich narxi 750 million so‘m bo‘lgan sobiq zavod hududi hamda mazkur binodagi tekstil ishlab chiqarish uskunalari Majburiy ijro byurosi tomonidan sotuvga qo‘yilgan. Mazkur obyektlar uchun savdolar yakunlanib, auksion g‘olibi aniqlandi.

Agentlik tomonidan qayd etilishicha, 15 nafar ishtirokchi o‘rtasida o‘tgan onlayn auksionda mulk narxi 796 qadamga oshirilib, 12,7 milliard so‘mga sotildi.

Avvalroq Toshkent viloyatida boshlang‘ich narxi 127 million so‘m bo‘lgan 0,8 gektar yer qariyb 1 milliard so‘mga sotilgandi.