1908—1909-yillarda Usmonlida yuz bergan Yosh turklar inqilobi oqibatida Usmonli ancha zaiflashib qoldi. Bu zaiflikdan foydalangan uning qo‘l ostidagi Bolqon davlatlari o‘z mustaqilliklari uchun kurash boshladi. Shunday sharoitda “Bolqon urushlari” degan ibora paydo bo‘ldi. Tarixdagi ikkita Bolqon urushidan birida Bolqon davlatlari Usmonliga qarshi kurashgan bo‘lsa, ikkinchisida o‘zaro urushdi. “Daryo” 1913-yil 29-iyundan 29-iyulgacha davom etgan ikkinchi Bolqon urushi haqida hikoya qiladi.

Foto: Wikipedia

Urushning sabablari

Birinchi Bolqon urushida (1912-yil oktabrdan 1913-yil maygacha) Bolqon ligasi davlatlari — Serbiya, Bolgariya, Qoratog‘ (Chernogoriya) va Gretsiya Usmonlidan Yevropadagi bir qancha hududlarni tortib oldi. Usmonliga London deklaratsiyasiga muvofiq faqatgina Albaniya (de-fakto mustaqil), Istanbul va Gallipoli yarim oroligina qoldi. Ammo qo‘lga kiritilgan hududlar borasida g‘olib davlatlar o‘rtasida aniq chegaralar belgilanmagani ular o‘rtasida kelishmovchilik keltirib chiqardi va bu urushga olib keldi.

Bunda, asosan, Bolgariyaning ambitsiyalari kuchliligi sabab bo‘ldi. Asosiy masala Bolgariya va Serbiya o‘rtasida Makedoniya hududlari borasida bo‘ldi. Bolgariya iloji boricha barcha bolgar tilida so‘zlashuvchilar yashaydigan hududlarni o‘z hududiga qo‘shib olishni istar edi. 1913-yil Serbiya va Bolgariya o‘rtasida mart oyida imzolangan maxfiy shartnomada bu borada kelishuv bo‘lgan edi. Ammo Serbiya kelishuv shartlarini bajarmaydi.

Bolgariya bilan dushman bo‘lgan Gretsiyaga yaqinlashib, 1-iyun kuni maxfiy tarzda harbiy bitim imzoladi. Bitimga muvofiq, ikki davlat o‘rtasidagi demarkatsiya chizig‘i davlat chegaralari bo‘lishi belgilandi. Bitimga muvofiq, agar Bolgariya tomonidan tahdid bo‘lgan taqdirda harbiy ittifoq tuzish ham reja qilingan edi.

Bolgariyaning qirol Ferdinand I tomonidan e’lon qilingan maqsadlaridan yana biri Makedoniya, Saloniki, Trakiya, Andrianopol va hatto Istanbulni ham qo‘shib olish edi va Istanbul bo‘lajak qirollikning poytaxti bo‘lishi lozim edi. Shunday qilib Serbiya—Gretsiya bloki va Bolgariya o‘rtasida hududlar masalasida urush kelib chiqishi muqarrar bo‘lib qoldi.

Foto: Wikipedia

Urushning boshlanishi va jarayoni

1913-yil 29-iyun kuni erta tongda Bolgariya armiyasi hech qanday ogohlantirishlarsiz Makedoniya hududiga bostirib kirdi. Serbiya uchun bu kutilmagan hol bo‘ldi, chunki u Peterburgda muzokaralar bo‘lishini kutayotgan edi. Asosiy janglar Saloniki, Kilkis, Bregalnitsa va Kalimantsida bo‘lib o‘tdi.

Birinchi Bolqon urushlarida o‘z hududlaridan ayrilgan Usmonli revansh uchun urushga kirdi. Serbiyaning chaqirig‘i bilan Ruminiya ham mojaroga aralashdi. Usmonli boy berilgan hududlarni, jumladan, Adrianopol (Edirne)ni qaytarib olish istagida urushga kirgan bo‘lsa, Ruminiya Janubiy Dobrujada chegara chizig‘i yaratishni talab qilib kelayotgan edi. Shu maqsadda urushning boshidan unga kirishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi (Balkanskaya voyna. 1912—1913 gg. — М.: Izdaniye Tovarishestva izdatelskovo dela i knijnoy torgovli N.I.Pastuxova, 1914.).

12-iyulda turklar, 14-iyulda ruminlar Bolgariya hududiga kirdi. Ruminlar hech bir qiyinchiliksiz poytaxt Sofiyaga yetib keldi. Chunki Bolgariyaning asosiy kuchlari g‘arbda, Gretsiya va Serbiya chegaralarida jang qilayotgan edi. Keyingi kunlarda sharqiy Frakiyada turklar bolgar qo‘shinlarini tor-mor keltirib, 23-iyul kuni Edirne shahrini egalladi. 29-iyul kuni janglarning behuda ekanini tushunib yetgan Bolgariya tinchlik shartnomasi imzolashga majbur bo‘ldi.

Urush natijalari va tinchlik shartnomlari

Ikkinchi Bolqon urushida Bolgariya mag‘lub bo‘ldi. Urush tugaganidan keyin ikkita tinchlik shartnomasi imzolandi. Biri Ruminiya poytaxti Buxarestda, ikkinchisi Usmonli poytaxti Istanbulda. Buxarest shartnomasida Usmonli ishtirok etmadi. Usmonli bilan Istanbulda alohida shartnoma imzolandi va faqatgina Usmonli va Bolgariya chegarasini belgilab berdi. Shartnoma 29-sentabrda imzolandi va unga ko‘ra, Usmonli sharqiy Frakiya va Edirne shahrini qaytarib oldi.

Foto: Wikipedia

Bundan oldinroq, shu yilning 10-avgust kuni Buxarestda urushning qolgan ishtirokchilari va Bolgariya o‘rtasida Buxarest shartnomasi imzolandi. Shartnomaga muvofiq, u kuchga kirgan paytdan boshlab tomonlar o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishi belgilandi. Shuningdek, Ruminiya—Bolgariya chegarasi janubiy Dobrujadan boshlab belgilandi. Bolgariya chegara mustahkamligini ikki yil davomida o‘z bo‘yniga oldi. Serbiya bilan ham chegara masalalari ayni shu shartnomada aks etdi.

Ikki davlat o‘rtasida Makedoniya masalasida yangi kelishuv imzolanishi ko‘zda tutildi. Gretsiya bilan chegara yangi Serbiya—Bolgariya chegarasidan o‘tishi belgilandi. 11-avgustdan Bolgariyada demobilizatsiya o‘tkazilishi belgilandi. Yangi egalariga berilgan hududlardan Bolgariya qo‘shinlarining chiqib ketishi shu kuni boshlanishi va 26-avgustga qadar yakunlanishi lozimligi belgilandi. Yangi egallangan hududlarda Serbiya, Gretsiya va Ruminiya Bolgariya temiryo‘llaridan hech qanday to‘lovlarsiz foydalanish huquqini qo‘lga kiritdi. Asirlar almashinuvi ko‘zda tutildi. Shartnoma 15 kuni ichida ratifikatsiya qilinishi ko‘zda tutildi.

Buxarest shartnomasidan keyin Serbiya hududi 87 879 km kvadratgacha kengaydi, egallangan yangi hududlarda 1,5 million aholi istiqomat qilardi. Gretsiya hududi 108 610 kvadrat kilometrgacha kengaydi. 1913-yil dekabr oyida Gretsiya turklar va bolgarlardan tortib olingan yerlardan tashqari Krit oroliga ham ega chiqdi. Gretsiya aholisi 2,7 milliondan 4,4 millionga ko‘paydi. Ruminiya esa Janubiy Dobrujani egalladi. Katta yo‘qotishlarga qaramay, Bolgariya Usmonlidan tortib olingan Kratiyaning markaziy qismini o‘zida saqlab qola oldi. Bu amalda boy berilgan hududlar uchun kompensatsiya o‘laroq hisoblandi.

Shu bilan birga Bolqondagi hududlar bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qoldi. Jumladan, Albaniya chegaralari mavhumligicha, Usmonli va Gretsiya o‘rtasidagi Egey dengizidagi bahsli orollar masalasi ochiqligicha, Shkodra shahrining maqomi ham noma’lumligicha qoldi. Shaharda hamon katta davlatlar — Avstriya—Vengriya, Fransiya, Italiya va Buyuk Britaniyaning muhim kontingenti saqlanib qoldi.

Foto: Wikipedia

Shuningdek, shaharga Montenegro ham da’vo qilardi. Serbiya o‘zi xohlaganidek dengizga yana chiqa olmadi va Albaniya shimolini anneksiya qilishni xohladi. Bu esa Avstriya—Vengriya va Italiya bilan aloqalarining yomonlashishiga olib keldi (Anderson, Frank Maloy and Amos Shartle Hershey. Handbook for the Diplomatic History of Europe, Asia, and Africa 1870—1914. — Washington D.C.: National Board for Historical Service, Government Printing Office, 1918.).

Bolqon urushlarining eng katta natijasi Birinchi jahon urushi bo‘ldi. Bolqonda Usmonli va Bolgariyaning mag‘lubiyati Avstriya-Vengriyaga qo‘l kelardi. Ammo Serbiyaning kuchayib ketishi uning rejalarini buzib qo‘ydi va u Serbiyaga urush ochish yo‘lini izlay boshladi. Sababi, Avstriya-Vengriya hududida serblar yashaydigan Voyevodina o‘lkasini qo‘ldan ketishini istamadi. Bolqondagi tarang vaziyat baribir urushga olib keldi. 1914-yil 28-iyulda shahzoda Frans Ferdinand Serbiyada o‘ldirildi va shu narsa Avstriya-Vengriyaning Serbiyaga urush e’lon qilishiga olib keldi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa qilsak, Bolqonda yuz bergan bu hodisalarning va Birinchi jahon urushining eng birinchi sababi Usmonlining zaiflashuvi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Chunki Usmonli imperiyasi Bolqondagi tinchlikning yagona kafolati edi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.