Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida Matiz va “VAZ-2101” avtomashinalari o‘rtasida yuz bergan YTH oqibatida ikki kishi, jumladan, haydovchilardan birining voyaga yetmagan farzandi vafot etdi. Bu haqda viloyat IIB Axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2020-yilning 27-iyun, shanba kuni, taxminan, soat 18:30 larda tumanning “Achamoyli” mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-101 avtomobil yo‘lining 16-kilometrida Termiz shahri “Do‘stlik” mahallasida yashovchi B.Sh. boshqaruvidagi Matiz rusumli avtoulov qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.

Oqibatda shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Qumqo‘rg‘on tumani “Arslonboyli” mahallasida yashovchi J.F. boshqaruvidagi “VAZ-2101” rusumli avtoulov bilan to‘qnashgan.

Sodir bo‘lgan YTH natijasida Matiz rusumli avtomobil yo‘lovchilari — Termiz shahrida yashagan J.M. va haydovchi B.Sh.ning qaramog‘idagi farzandi voyaga yetmagan N.N. hayot uchun xavfli tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan 27-iyun kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, 28-iyun kuni Toshkent shahrida yuz bergan YTH oqibatida mototsikl haydovchisi halok bo‘lgan edi.

Bundan avval 27-iyun kuni Qamchiq dovonida Isuzu va Howo yuk mashinalari ishtirokida ham YTH sodir bo‘ldi.

Shuningdek, 25-iyun kuni Toshkentda Spark urib yuborishi natijasida 73 yoshli erkak shifoxonada vafot etdi.