26-iyun kuni soat 05:10 da Mirzo Ulug‘bek tumanidagi kichik halqa avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida mototsikl haydovchisi halok bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Ma’lumotlarga ko‘ra, 35 yoshli B.S. boshqaruvidagi Yamaha YZFR6 rusumli mototsikl va 46 yoshli X.U. boshqargan Shacman yuk avtomobili o‘zaro to‘qnashuv sodir etgan.

Hozirda yo‘l-transport hodisasi sabablari aniqlanmoqda. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yuk avtomobili haydovchisi to‘satdan yo‘nalishni o‘zgartirgan va burilish vaqtida harakat ustuvorligiga ega bo‘lgan mototsiklni payqamay qolgan.

To‘qnashuv oqibatida mototsikl haydovchisi tan jarohatlari olib, voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.

Ushbu fakt asosida Jinoyat kodeksining 266-moddasi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) 2-qismiga muvofiq jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq O‘zbekistonda 2020-yilning birinchi choragida necha kishi YTH qurboniga aylangani ma’lum qilingan edi.