Vlad Sepesh Drakula — rumin xalqining milliy qahramoni. U turklarning Yevropaga kirib kelishiga qarshi kurashgan jasur jangchi. Ammo u haqida tarixda turli afsonalar yuradi. “Daryo” an’anaviy tarix ruknida Drakulaning nega butun dunyoga begunoh odamlarning qonini ichadigan vampir sifatida tanilgani haqida hikoya qiladi.

Vlad Sepesh Drakula.

Foto: Getty Images

Brem Stoker

Drakulaning hozirgi obrazi yaratuvchisi ingliz yozuvchisi Brem Stoker bo‘lganini hamma ham bilavermaydi. Stoker o‘z vaqtida okkultizmga asoslangan “Oltin tong” deb nomlanuvchi yashirin jamiyatining faol a’zosi edi. Har qanday davrda bunday jamiyatlar o‘zlarining vampirlarga bo‘lgan katta qiziqishlari bilan ajralib turadi, ular uchun vampirlar yozuvchilarning fantaziyasi emas, balki aniq tibbiy dalil edi.

Bizning zamonamizda ham uchrab turadigan, eng jiddiy kasalliklardan biri bo‘lgan vampirizmni shifokorlar uzoq vaqt davomida o‘rganib chiqqan va hujjatlashtirgan. Ammo jismoniy boqiy bo‘lgan vampirlar obrazi hamisha okkultistlar va qora sehrgarlarni o‘ziga jalb qiladi.

Knyaz Vlad III Sepesh

XIV asrda paydo bo‘lgan Transilvaniyadagi Valaxiya knyazligi bugungi Ruminiya hududida birinchi tashkil topgan yirik davlat edi. Ruminiyaning milliy shakllanish davridagi yetakchi tarixiy shaxslaridan biri bu, shubhasiz, valax knyazi Vlad Sepesh bo‘lgan.

Knyaz Vlad III Sepesh Valaxiyaning avtokratik pravoslav monarxi edi. Bu odamning faoliyati bilan bog‘liq deyarli hamma narsa sirlarning qalin pardasi bilan o‘ralgan. Uning tug‘ilgan joyi va vaqti aniq emas. Valaxiya ham O‘rta asr Yevropasining tinch burchaklaridan emasdi, son-sanoqsiz janglar va urush alangalari qo‘lyozma yodgorliklarining aksariyat qismining yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lgan. Faqatgina omon qolgan cherkov qo‘lyozmalari zamonaviy dunyoga graf Drakula nomi bilan ma’lum bo‘lgan haqiqiy tarixiy shahzoda Vladning qiyofasini tiklashga yordam bergan.

Foto: Getty Images

Shahzodaning tug‘ilgan yilini faqat taxminan aniqlanish mumkin, bu 1428 va 1431-yillar oralig‘iga to‘g‘ri keladi. XIV asr boshlarida qurilgan Sigishoara shahrining Kuznechnaya ko‘chasida joylashgan bir uy hanuzgacha sayyohlarning e’tiborini tortib keladi. Ko‘pchilik olimlar tomonidan Vlad aynan shu uyda tug‘ilgan deb taxmin qilinadi.

Valaxiyaning bo‘lajak hukmdori bu yerda tug‘ilganmi yoki yo‘qmi noma’lum, ammo uning otasi knyaz Vlad Drakulning shu uyda yashagani aniq. Rumin tilida “Drakul” ajdaho degan ma’noni anglatadi. Knyaz Vlad Drakul maqsadi pravoslavlikni boshqa dindagilardan himoya qilish bo‘lgan “Ajdaho ritsari” ordenining a’zosi edi. Knyazning uchta o‘g‘li bor edi, ammo ulardan faqatgina bittasi butun dunyoga mashhur bo‘ladi — bu Vlad Sepesh edi.

Shuni ta’kidlash kerakki, u haqiqiy ritsar jasur jangchi va har doim o‘z harakatlarida sharaf va burch qoidalariga amal qilgan mohir qo‘mondon edi. Vlad o‘zining katta jismoniy kuchi bilan boshqa o‘g‘illardan ajralib turardi. Odamlar bolaligidanoq ot va qurolga o‘rgangan o‘sha davrlarda ham uning mohir chavandozligi butun mamlakat bo‘ylab shov-shuv bo‘lgan.

“Qoziqqa o‘tqazuvchi”

Vlad davlat arbobi sifatida vatanparvarlik tamoyillariga amal qildi: bosqinchilarga qarshi kurashdi, hunarmandchilik va savdoni rivojlantirdi, jinoyatchilikka qarshi ayovsiz ishlar olib bordi. Vlad barcha sohalarda qisqa vaqt ichida ta’sirli muvaffaqiyatlarga erishdi. Solnomalar kitobida aytilishicha, uning hukmronligi davrida oltin tangani yerga tashlab, oradan bir hafta o‘tgach uni o‘sha joydan olib ketish mumkin edi. Hech kim birovning oltiniga ega chiqishga jur’at etolmas va hatto unga tegishi ham mumkin emasdi.

Eng qizig‘i, bularning barchasi ikki yil oldin o‘g‘ri va daydilarning soni shahar aholisi va dehqonlar sonidan kam bo‘lmagan mamlakatda amalga oshdi. Bu o‘zgarishlar qanday sodir bo‘ldi? Juda oddiy — bu Valaxiya knyazi tomonidan olib borilgan jamiyatni “nomaqbul elementlardan” muntazam tozalash siyosatining natijasi edi. O‘sha paytdagi sud jarayoni juda sodda va tez edi: daydi yoki o‘g‘rini nima o‘g‘irlagan bo‘lishidan qat’i nazar gulxan yoki qoziq kutardi. Ot o‘g‘rilari bo‘lgan lo‘lilarni va bekorchi, ishonchsiz odamlarni ham xuddi shu qismat kutardi.

Foto: Getty Images

Tarixga Vlad III nomi ostida kirgan bu shaxsning taxallusi qanday paydo bo‘lganini bilish ham juda muhimdir. Sepesh so‘zma-so‘z tarjima qilinadigan bo‘lsa “Qoziqqa o‘tqazuvchi” degan ma’noni anglatadi. Bu Vlad III hukmronlik qilgan davrdagi asosiy qatl vositasi bo‘lgan. Bu yo‘l bilan o‘ldirilganlarning ko‘pi asir olingan turklar va lo‘lilar edi.

Ammo jinoyat qilgan har qanday kishining boshiga ham xuddi shunday jazo tushishi mumkin bo‘lgan. Minglab o‘g‘rilar qoziqlarda nobud bo‘lib, shahar maydonlaridagi gulxanlarda yoqilgach, shaharda o‘z omadini sinab ko‘rishni xohlovchi boshqa o‘g‘ri topilmasdi. Vlad ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar hech kimga imtiyoz bermasdi. Kimningdir boshiga knyaz qahr-g‘azabi kelsa, uning taqdiri ayanchli yakun topardi.

Quyida noma’lum nemis muallifining 1463-yilda qirol Xunyadi Matias buyrug‘i bilan yozilgan ba’zi hikoyalari keltirilgan:

— Kunlardan bir kuni Valaxiyaga kelgan chet ellik savdogarni tunab ketishadi. U knyaz Vladga shikoyat qilib boradi. O‘g‘rini topib, uni qoziqqa o‘tqazishayotgan paytda Sepeshning buyrug‘i bilan savdogarga ichida bir tanga oshiqcha bo‘lgan hamyon berishadi. Savdogar hamyonida pul ortiqcha ekanini bilib, darhol knyazga xabar beradi. U kulib shunday deydi: “Barakalla, agar aytmaganingda sen ham o‘g‘ri kabi qoziqqa o‘tirarding”.

— Sepesh mamlakatda ko‘plab tilanchilar borligini aniqlaydi — u tilanchilarning barchasini chaqirib, yedirib ichirib to‘ydiradi va ularga savol beradi: “Bu dunyodagi barcha azoblardan abadiy xalos bo‘lishni xohlaysizlarmi?” Ijobiy javobni olgach, Sepesh barcha eshik va derazalarni yopishni buyuradi va yig‘ilganlarning hammasini tiriklayin yoqib yuboradi.

— Hujjatdagi eng dahshatli va ishonchsiz dalillardan biri bu Drakulaning odamlar qatl qilingan joyda yoki qatl sodir bo‘lgan joyga yaqin yerda nonushta qilishni yaxshi ko‘rishi haqidagi gaplardir.

— Qadimgi rus voqeanavislarining guvohliklariga ko‘ra, Sepesh davrida axloq qoidalarini buzgan bevafo xotinlar va bevalarning jinsiy a’zolari kesilib, terisi shilinib, tanalari chirib yoki qushlar tomonidan yeb bitirilguncha maydonlardagi ustunlarga osib qo‘yilgan.

— Bundan tashqari, Valaxiya poytaxtidagi favvorada oltindan yasalgan kosa borligi haqida afsonalar mavjud; hamma uning yoniga kelib, suv ichishi mumkin edi, lekin hech kim uni o‘g‘irlashga jur’at eta olmasdi.

Foto: Getty Images

Vampirga “aylantirilgan” Drakula

XX asrning birinchi choragidan boshlab, xususan, Brem Stokerning “Tun bolalari” (“Children of the Night”) va “Vampir” deb nomlangan kitoblari, shuningdek, klassik nemis ekspressionist filmi “Nosferatu: Dahshat simfoniyasi” kabi asarlarning qahramoni Graf Drakula vampirlarning unutilmas adabiy va kinematografik obraziga aylandi. Vlad III Sepesh va graf Drakula obrazlari o‘rtasidagi bog‘liqlik Brem Stokerning o‘limdan keyin vampirga aylangan Sepesh haqidagi afsonalarni eshitgani bilan izohlanadi. Uning bunday afsonani eshitgan-eshitmagani noma’lum; ammo bunday afsonalarning mavjudligi uchun sabablar bor edi, chunki Vlad Sepesh vafotidan keyin uning jasadi qabr ichidan g‘oyib bo‘lgan.

XX asrning o‘rtalarida mashhur “vampir”ning qabriga sayyohlar oqimi boshlanib ketdi. Sayyohlar tomonidan bunday nosog‘lom e’tiborni kamaytirish uchun hokimiyat uning qabrini boshqa yerga ko‘chirdi. Endi uning qabri orolda va u monastir rohiblari tomonidan qo‘riqlanadi.

Afsona yoki haqiqat?

Ushbu maqola qahramoni ismining o‘zigina dahshatga soladi. Dahshatli filmlardagi vampirlar yetakchisining ismi ham Drakula deb nomlangan va bu ism ekrandagi maxluqning prototipi bo‘lgan Vlad Sepeshdan olingan. Mana besh asrki, Vlad Sepesh haqidagi dahshatli afsonalar soyasi kezib yuradi. Bir qarashda u do‘zaxdan chiqqan iblis kabi ko‘rinadi. Aslida, o‘sha davr uchun u oddiy hukmdorlardan biri edi. Albatta, o‘sha davr hukmdorlari kabi uning ham shaxsiy fazilatlarida shafqatsizlik yuqori bo‘lgan.

Valaxiya hukmdorining shaxsiyati to‘g‘risida munozaralar hali ham qizg‘in davom etmoqda. Hozir hatto u haqidagi eng jiddiy kitoblarda ham “Vlad Sepesh — afsona va haqiqat” yoki “Vlad Drakula — haqiqat va fantastika” va shunga o‘xshash nomlar mavjud. Biroq 500 yildan ko‘proq vaqt oldin ro‘y bergan voqealarni tushunishga harakat qilayotgan mualliflar ba’zan bilmagan holda, ba’zan ataylab bu odamning obrazi atrofida yangi-yangi afsonalarni to‘playdi.

Ammo Ruminiyada hatto hozir ham Vlad Sepesh xotirasiga munosabat g‘arbiy Yevropa mamlakatlaridagi kabi emas. Bugungi kunda ko‘pchilik ruminlar uni Ruminiya kelajagini shakllantirish davrining milliy qahramoni deb biladi.

Nurbek Alimov tayyorladi.