O‘zbekiston Qozog‘istonning Turkiston shahriga 7-iyun kuni uchta yuk mashinasida insonparvarlik yordami yubordi, deb xabar bermoqda “Kazinform”.
Unda 150 mingta tibbiy niqob, 2 500 ta himoya kostyumi, 150 mingta tibbiy qo‘lqop, 1 000 ta termometr va bemorlar uchun 440 ta karavot bo‘lgan.
Qayd etilishicha, ushbu yordam Turkiston viloyati tibbiyot muassasalariga tarqatiladi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni 12 859 kishiga yetgan. Hozirga qadar 7 376 kishi sog‘aygan, 56 kishi virus qurboniga aylangan. Shuningdek, 1 357 kishi belgisiz tashuvchi sifatida qayd etilgan.
Avvalroq O‘zbekiston insonparvarlik yordami sifatida Tojikistonga 1 000 tonnadan ortiq un yuborgani, O‘zbekiston pandemiya sababli Afg‘onistonga ko‘rsatiladigan yordamni kengaytirish kerakligini ma’lum qilgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)