Pekin koronavirus pandemiyasi fonida aholi va iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun Xitoyning boshqa o‘nlab shaharlari qatoriga qo‘shildi. Shahar hukumati fuqarolarga shopingda foydalanish mumkin bo‘lgan vaucherlarni tarqatishga qaror qildi, deb xabar beradi Bloomberg.

Foto: Reuters

Ma’lumotlarga ko‘ra, Pekin munitsipaliteti hukumati iste’molni rag‘batlantirish maqsadida umumiy qiymati 12,2 milliard yuanga (1,7 milliard dollar) teng vaucherlarni chiqarmoqda.

Vaucherlarni tarqatish 6-iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:00 “JD.com” onlayn savdo maydoni orqali boshlangan. Kuponlarni olgan fuqarolar uni oddiy do‘konlardan tortib, turizm, ta’lim, madaniyat, sport va umumiy ovqatlanish sohasidagi onlayn xaridlarni amalga oshirishda foydalanishi mumkin. Vaucherlar to‘rt bosqichda tarqatiladi: 6, 13, 20 va 27-iyun kunlari. Har bir vaucherni 14 kun davomida ishlatish mumkin.

Ta’kidlanishicha, bunga qadar Xitoyning 50 dan ortiq shaharlarida 846 million dollarlik vaucherlar tarqatilgan.

Xitoy Milliy statistika byurosining aprel oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda Xitoy YaIM 6,8 foizga qisqargan, bu 1976-yildan buyon kuzatilgan ilk kamayish hisoblanadi.