Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru AQSh kabi yo‘l tutib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqib ketishini ma’lum qildi, deb xabar beradi Reuters.
“Ogohlantiraman: Qo‘shma Shtatlar JSSTdan chiqdi va biz ham kelajakda shu kabi variantni ko‘rib chiqamiz”, — deydi Bolsonaru.
Prezidentning ta’kidlashicha, JSST yashirin g‘oya bilan ishlamasligi kerak, aks holda Braziliya tashkilotni tark etadi. “Bizga sog‘liqni saqlash borasida nima qilish kerakligini chetdan turib o‘rgatadiganlar kerak emas”, — deydi Braziliya prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, 15-aprel kuni AQSh JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatishini e’lon qilgandi. Oradan bir hafta o‘tgach, Xitoy JSSTga qo‘shimcha 30 million dollar ajratishi haqida xabar berilgan. Keyinchalik 26-aprelda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo esa Fox News telekanaliga bergan intervyusida Amerika JSSTni moliyalashtirish masalasiga boshqa qaytmasligi mumkinligini bildirgan. 17-may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini moliyalashtirish qisman tiklanishi mumkinligini ma’lum qildi. 29-mayda esa AQSh Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan munosabatlarni to‘xtatdi.