Farg‘ona viloyatidagi Expo Kollor Prin Teks paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari Abduqahhor Abduvohidovich Jo‘raboyev Toshloq tumanining yangi hokimi etib tayinlandi. Jo‘raboyevning ushbu lavozimga tayinlanishi haqida Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-iyun, shanba kuni Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida aytib o‘tgan.
Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Toshloq tumani hokimi Shuhratjon Abdusalomovni vazifasidan ozod etish bo‘yicha ko‘rsatma bergani ma’lum qilingan edi. Abdusalomov 2018-yil martidan beri tumanga rahbarlik qilib kelayotgan edi. U bilan birga tuman soliq boshqarmasi boshlig‘i ham ishdan olingan.
Expo Kollor Prin Teks haqida
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, mas’uliyati cheklangan jamiyat ko‘rinishidagi Expo Kollor Prin Teks kompaniyasi 2007-yil 18-iyunda tashkil etilgan. Registrda ko‘rsatilgan faoliyat turi — paxta tolalarini tayyorlash va yigirish; ustav fondi 4,3 milliard so‘m. Kompaniya rahbari sifatida Abduqahhor Jo‘raboyev ko‘rsatilgan.Kompaniyaning 95,70 foiz ulushi Abdulaziz Abduvohidovich Jo‘raboyevga, 3,60 foizi Munojatxon Ma’murjonovna Jo‘raboyevaga, 0,70 foizi Muydinjon Po‘latovich Ismoilovga tegishli.