Prezident Donald Tramp koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha dunyoda 3-o‘rinda turgan Braziliyadan fuqarolarning AQShga kelishini taqiqlash niyatida. Bu haqda Amerika yetakchisiga tayanib, Reuters xabar berdi.
“Men u yerdan odamlar kelishini va bizning fuqarolarimizga kasallik yuqtirishini istamayman”, — deydi Tramp. Shu bilan birga, u AQSh Braziliyaga yordam berayotgani va mamlakatga sun’iy nafas oldirish apparatlari yuborilganini ma’lum qilgan.
Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Braziliyada koronavirusga chalinganlar soni 271 885 kishiga yetdi. Shunday qilib, mamlakatda kasallar soni bo‘yicha AQSh (1 528 661) va Rossiyadan (308 705) keyin 3-o‘rinda ketmoqda.
Avvalroq Tramp AQShda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish bo‘yicha qayd etilayotgan yangi holatlar sezilarli darajada kamayayotganini ma’lum qilgandi. Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, u koronavirusga chalinishning oldini olish uchun bezgakni davolashga mo‘ljallangan preparat — gidroksixlorin qabul qilmoqda.
Izoh (0)