Shimoliy Osetiyaning Nogir qishlog‘i yaqinida MTS uyali aloqa antennasi yoqib yuborildi. “RIA Novosti”ning xabar berishicha, bu haqda respublika rahbari Vyacheslav Bitarov onlayn o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Bitarovning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Osetiyaning ayrim aholisi koronavirus mavjud emas degan fikrda. U odamlarni rezervatsiyaga to‘plab, “ular hushdan ketishi uchun 5G antennasini qo‘yib, nurlantirib, chiplash” uchun o‘ylab topilgan, deb hisoblamoqda. “Va bunday o‘ylaydiganlar yetarlicha”, — degan Bitarov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday teoriya tarafdorlariga Vladikavkazda o‘zini izolyatsiya qilishga qarshi o‘tkazilgan mitingda ham duch kelgan.
“Ular buni menga isbotladi, lekin men ular bilan bahslashib o‘tirmadim. Ammo, afsuski, ular yana davom etib, xususan, ular yaqinda Nogir qishlog‘i yaqinidagi MTS antennasini yoqib yuborishdi va, albatta, qishloq aholisi aloqasiz qoldi”, — deydi Bitarov.
2-may holatiga ko‘ra, Shimoliy Osetiyada koronavirusga chalinish bo‘yicha 921 ta holat qayd etilgan. Kasallikka chalingan 86 kishi sog‘aygan, 4 nafari vafot etgan.
Izoh (0)