KXDR va Janubiy Koreya chegarasida otishma sodir bo‘ldi. Bu haqda Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasiga tayanib, Yonhap agentligi xabar berdi.
Ko‘ngilsiz hodisa mahalliy vaqt bilan soat 07:41 da sodir bo‘lgan.
“Demarkatsiya liniyasining markaziy qismidagi kuzatuv posti tomon bir necha marotaba o‘q uzildi”, — deyiladi qo‘mita xabarida.
O‘q ovozlariga javoban Janubiy Koreya harbiylari ham KXDR tomon ikkita o‘q uzgan.
Otishma oqibatida hech kimga zarar yetmagan.
Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasining ma’lum qilishicha, Janubiy Koreya harbiylari shay holatda bo‘lib, sodir bo‘lgan voqea sababini aniqlash bo‘yicha ishlar olib bormoqda. Ta’kidlanishicha, bu kabi hodisalarning qaytarilmasligi uchun kerakli barcha choralar ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, KXDR OAVlarida 20 kundan beri ilk bor mamlakat yetakchisi Kim Chen Inning suratlari paydo bo‘ldi. Aprel oyida CNN telekanali Kim Chen Inning yuragi operatsiya qilingani va sog‘lig‘i yomonlashgani haqida xabar bergandi.
Izoh (0)