Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Yana bir hafta o‘tdi. Karantinni to‘rt devor ichida o‘tkazganlar xonaning bo‘yi va enini santimetrigacha o‘lchadi, ota-onalar bog‘cha, maktab ochilishini bolalardan ko‘ra ko‘proq istadi. Ammo beshinchi haftadirki, tojdor virus yengilishni istamayapti. Dayjestimizni boshladik.

Hafta koronavirus quturishi bilan boshlandi. 13-aprelda 133, 14-aprelda 167, 15-aprelda 137 nafar o‘zbekistonlik virus yuqtirdi. Keyingi kunlarda esa bu son 47, 56 va 45 nafarni tashkil qildi. O‘tgan hafta O‘zbekistonda koronavirus shiddat bilan tarqaldi, biroq shu bilan virus yuqtirish cho‘qqisiga chiqqani taxmin qilindi. Barcha grafik chizig‘i pastga sho‘ng‘ishini kutmoqda.

Ayni paytga qadar mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 214 nafarga yetdi.

* * *

Koronavirus mamlakatning eng qudratli sohasiga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Avvalroq bu yilgi harbiy chaqiriq kechiktirilganini yozgan edik. Kechiktirilgan chaqiriluvchilar ham hozir xalq orasida xizmat qilmoqda. Samarqand (775), Navoiy (580) hamda Jizzax (302) garnizonlarida jami 1 657 harbiy dezinfeksiya ishlarida ishtirok etmoqda. Har bir tumanda yoshlardan iborat 4-5 tadan, viloyatlarda esa qirqqa yaqin otryad tuzilib, bozorlar, maishiy savdo do‘konlari hamda aholi yashash manzillariga yuborildi.

Umuman olganda, karantin davomida harbiylar davlatga yordamlashmoqda. Harbiy texnikalarga o‘rnatilgan ovozkuchaytirgichlar bilan aholidan zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik so‘ralmoqda. Postlarda qurollangan askarlar turibdi. AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda bu mavzuda savol berildi: “Tashkil etilgan postlarda nega qurollangan harbiylar turibdi? Bu aholida vahima uyg‘otyapti. Bizda urush bo‘lmayapti-ku?” Javob: “Ushbu zarurat respublika hududida koronavirus pandemiyasi tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatda, avvalo, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash va mazkur kasallik mamlakat bo‘ylab keng tarqalib ketishining oldini olish hamda nazoratdan chiqmasligini ta’minlash maqsadida belgilangan chora-tadbirlardan biridir”.

* * *

Zamonaviy texnologiyalar ham koronavirus bilan kurashishda asqatmoqda. Toshkentdagi Inha universitetining Kompyuter va dasturiy injiniring fakulteti  talabalari “aqlli niqob” yaratdi.

“Aqlli niqob”.

“Aqlli niqob”.
Foto: Toshkent shahridagi Inha universiteti

Bu  niqobni qayta ishlatsa bo‘ladi. U insonning tana haroratiga, yo‘tal, aksa urish va nafas olishda bo‘layotgan qiyinchilikni uch xil sensor orqali aniqlab bera oladi. Niqob mobil ilova orqali telefon bilan birlashtirilgan bo‘lib, uning yordamida niqobga o‘rnatilgan sensorlar avtomatik ravishda qayd etilgan ko‘rsatkichlarni smartfonga yuboradi. Ilova ushbu ma’lumotni COVID-19 alomatlari bilan taqqoslaydi. Agar tasodif bo‘lsa, dastur aniqlik kiritadi.

Karantin tufayli  poytaxtning ko‘plab ko‘cha va mahallalarida vaqtincha qatnovlarni cheklash maqsadida o‘rnatilgan to‘siqlarni ko‘rish imkoniyatini beruvchi geoportal ishga tushirildi. “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi hamda Toshkent shahar IIBB hamkorligida yaratilgan geoportalda to‘siqlar joyi xaritada qizil chiziqlar bilan aks ettirilgan bo‘lib, ularning soni bugungi kunda 1 415 tani tashkil etmoqda. Geoportal barcha uchun ochiq shaklda yaratilgan. Unga Covid19.geoportal.uz manzili orqali kirish mumkin. Kiring va to‘siqlarga duch keling.

* * *

Koronavirus shifoxonalar ishini murakkablashtirmoqda. O‘tgan hafta Toshkentdagi taniqli 6-tug‘ruqxona karantinga yopilganini xabar qilgandik. Bu hafta boshida Toshkentdagi 17-shahar klinik kasalxonasi va Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 8-oilaviy poliklinika karantinga yopildi. 16-aprel kuni Toshkentda Respublika perinatal markazida (SAMPI) homilador ayollardan birida koronavirus mavjudligi aniqlandi. Ayol maxsus ajratilgan 3-tug‘ruqxona binosiga o‘tkazildi, markaz esa karantinga yopildi.

Shuningdek, Toshkent davlat stomatologiya institutida koronavirus aniqlangani bois institut karantinga yopilgani aytildi.

* * *

Karantin ishsiz va daromadsiz qolgan fuqarolarni bezovta qilayotgani hech kimga sir emas. Davlat bu muammoni yechishga urinmoqda. Moliya vaziri Timur Ishmetovning aytishicha, xususiy korxonalarga oylik maosh uchun kredit berish imkoniyatlarini yaratish ustida ish olib borilyapti. Ya’ni hozir ishlamayotgan, lekin xodimlariga ish haqi to‘lamoqchi bo‘lgan korxonalar 2-3 oyga kredit olishi mumkin bo‘ladi. Markaziy bank regulyator sifatida yengilliklar beradi.

Masalaning boshqa tarafi shundaki, kredit olish imkoniyati yaratildi, lekin biznes xodimlari uchun kredit olishga tayyormi? Murojaat qiladimi? Shu masala ham bor.

Aholiga pul berish masalasi o‘rganilmoqda. Aholiga moddiy yordamni oila tamoyili asosida berish mumkin. Ya’ni oila a’zolarining soniga qarab yondashish mumkin. Bu ko‘proq xususiy sektorda ishlaydiganlarga taalluqli bo‘ladi. Chunki davlat sektori oyligini to‘xtatmasdan bermoqda. Mabodo odamlarga yordam beriladigan bo‘lsa, shak-shubhasiz, bu odamlarning bank hisob raqamiga, plastik kartasiga pul tushirish bo‘ladi. Agar karta bo‘lmasa, bank kartasi ochiladi. Shu mexanizm bilan ishlash kerak bo‘ladi.

* * *

Hozirgi mushkul epidemiologik vaziyatda musulmonlar uchun islom dini peshvolari maslahatlarini berishda davom etmoqda. Mart oyidan beri juma namozlariga chek qo‘yilgan. Janoza namozlari faqatgina marhumning yaqin qarindoshlari ishtirokida o‘qilmoqda. 16-aprel kuni Diniy qo‘mita Haj ziyoratini vaqtincha to‘xtatilganini, vaziyat barqarorlashmasa, joriy yilgi navbatlar kelasi yilga to‘liq o‘tkazilishini bildirdi.

Foto: Madina Nurman

Ramazon oyi eshik taqillatayotganligi bois Musulmonlar idorasi iftorlik borasida tavsiyalarini berdi. Musulmonlar idorasi rasmiysi iftorlik savob amalligini ta’kidlab shunday dedi:

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bu haqda shunday deganlar: “Kim bir ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, unga o‘sha ro‘zador ega bo‘lgan savobdan biror narsa kamaytirilmagan holda beriladi”. Shunday ekan, iftorlik xarajatlarini muhtoj, kambag‘al ro‘zadorlarga berish bilan kishi ularga iftorlik qilib berganning savobini oladi. Chunki iftorlik qilish deganda, albatta, dasturxon yozib, to‘p-to‘p odam aytishni tushunmaslik kerak. Kambag‘al, muhtoj kishilarga taom yoki kerakli mablag‘ini berish eng yaxshi iftorlikdir, chunki shunisi riyodan xoli bo‘ladi.
* * *

Avvalroq O‘zR Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva RF Federal Majlisi Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenkoga maktub yo‘llagan edi. Unda Rossiyada hozirgi murakkab sharoitda ishsiz, mablag‘siz qolgan O‘zbekiston fuqarolaridan karantin tugaguncha patentni qayta rasmiylashtirish, bekor qilish, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliqning to‘lash muddatini kechiktirish imkoniyatini ko‘rib chiqish bo‘yicha yordam so‘ralgan.

Bu haftada Federatsiya kengashi maktubga javoban maxsus qonunni tasdiqladi. Unga muvofiq, patent muddati tugagan bo‘lsa, 90 kun mobaynida uni qayta rasmiylashtirmasdan faoliyat yuritishga ruxsat beriladi. Boshqacha aytganda, muhojirlar 15-iyungacha patent tashvishini qilmay yurishlari mumkin. Ish beruvchilar ham mehnat muhojirlarini ishga yollay oladi.

* * *

Oxirgi axborotga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1 565 nafarni tashkil qilmoqda. 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning besh nafari vafot etdi, 225 nafari esa sog‘ayib, reabilitatsiyaga olindi.  Xorijda 73 o‘zbekistonlikda koronavirus aniqlandi (eng ko‘pi — 42 nafari — Rossiyada), ularning to‘rt nafari vafot etdi.

Sizga “uyda qoling” demaymiz, chunki uyda ekaningizga ishonamiz. 10-maygacha karantin davom etadi. Uning yangi tartiblari ham joriy etildi. Biroq karantin talablari yumshashi mumkin, chunki iqtisodiyotni uzoq karaxtlikdan asragan afzalroq. Xususan, “ximchistka”lar ishiga ruxsat berildi. Sekin-asta vaziyat yaxshilanishini kutib qolamiz.

Salomatligingizni asrang, shifokorlar tavsiyasiga rioya qiling.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
“Daryo” kundaligida 9-dekabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Dunyo
Qozog‘iston Rossiyaga zirhli texnika jo‘natishi haqida xabarlar tarqaldi (video)
Madaniyat
Shahzoda Garri va Megan Markl yangi hujjatli filmda Yelizavetta II ni masxaralab, qirollik oilasi a’zolarini irqchilikda aybladi (video)