Respublika maxsus komissiyasi tomonidan 20-aprelga qadar joriy etilgan cheklovchi tadbirlar (karantin) hamda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib 10-mayga qadar uzaytirildi. Bu haqda komissiya axborotida ma’lum qilingan.

Komissiya axborotida ta’kidlanishicha, “respublika hududida koronavirusga qarshi kompleks chora-tadbirlar hamda, eng asosiysi, mas’uliyatni chuqur his qilgan aholi tomonidan ‘o‘zini yakkalash’ hayot tarziga o‘tilgani va ‘ijtimoiy masofalanish’ tamoyiliga amal qilinishi aniq samara bermoqda”.

Cheklov choralarini uzaytirishdan ko‘zlangan maqsad, qayd etilishicha, “karantin tadbirlarining natijadorligini saqlab qolinishi ta’minlash”dir.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 24-martdan boshlab koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilgan edi. Keyinchalik bu tartib bir necha bor yanada kuchaytirildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 15-martdan 18-aprel soat 19:00 ga qadar koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 1469 ta holat aniqlandi; bemorlarning 194 nafari sog‘aygan, to‘rt nafari esa vafot etgan.