O‘zbekiston badiiy akademiyasi faxriy a’zosi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti o‘qituvchisi Jasur Jumayev karantin paytida qo‘ni-qo‘shnilarining kayfiyatini ko‘tarish maqsadida uyi oldida ko‘rgazma tashkillashtirdi.
“O‘qituvchilik faoliyatimdan tashqari men ijod bilan shug‘ullanaman, somondan san’at asarlari yarataman. Men anchadan beri shaxsiy ko‘rgazmamni o‘tkazishni rejalashtirayotgan edim.
Men ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida yashayman, kichik hovlim bor. O‘z rasmlarimni hovliga olib chiqdim va yuqori qavatlarda istiqomat qiluvchi qo‘shnilarning ularni ko‘rish imkoniyati bo‘lishi uchun rasmlarni tepaga qaratib qo‘ydim, ularning kayfiyatlarini ko‘tarish niyatida edim. Shu bilan birgalikda, ushbu ko‘rgazmamning ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyishini amalga oshirdim”, — deydi Jasur Jumayev.
Jasur Jumayev o‘z tashabbusi to‘g‘risida, shuningdek “O‘tish davrida inklyuziya ustalarining yangi roli” mavzusiga bag‘ishlangan Xalqaro inklyuziv onlayn-konferensiyada ham so‘zlab berdi. Bu haqda “Daryo”ga konferensiya tashkilotchilari xabar berdi.
Xalqaro inklyuziv onlayn-konferensiyada O‘zbekiston, Rossiya, Germaniya, Tojikiston, Latviya va AQSh kabi 50 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etdi.
“Men uchun konferensiyada ishtirok etishning o‘zi eng muhim voqea bo‘ldi, chunki bu men uchun birinchi tajriba. Yagona onlayn muhitda boshqa mamlakatlar vakillari bilan uchrashish juda qiziqarli bo‘ldi. Oddiy hayotda, imkoniyati cheklangan shaxslar bilan axborot almashish va muloqot o‘rnatish uchun konferensiya tashkil etishga katta mablag‘, vaqt va harakat talab etiladi. Endi esa yangi texnologiyalar internet imkoniyatlarini kengaytirmoqda, cheklanishlar, joylashuv va boshqa shartlarga qaramay bizlarni yaqinlashtirmoqda”, — deydi Jasur Jumayev onlayn konferensiyadagi ishtiroki haqida.
Xalqaro onlayn inklyuziv konferensiya “Belaya trost” avtonom notijorat tashkiloti tomonidan Boshqaruv dizayn va raqobat strategiyalari instituti (Rossiya) bilan hamkorlikda hamda “Rosatom” davlat korporatsiyasi ko‘magida tashkil etildi.
Mavzuga doir:
- Amerikalik ayol to‘tiqushlari uchun rasmlar galereyasini yaratdi. U mashhur suratlarni qushlarga moslab qayta chizdi (foto)
- Karantinda zerikayotgan insonlar mashhur kartinalar va filmlar posterlarini qayta yaratdi (foto)
- Uyg‘onish davri rassomlarining mashhur kartinalariga o‘xshab qolgan tasodifiy 20 ta surat (foto)
Izoh (0)