Xitoy koronavirusning sun’iy ravishda kelib chiqqanligi haqidagi har qanday qarashni rad etmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Foto: Getty Images

Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Chjao Litszyanning eslatishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti SARS-CoV-2 koronavirusining sun’iy usulda yaratilgani haqidagi qarashni tasdiqlamagan. Bunday qarashlar Fox News telekanali tomonidan 16-aprel kuni efirga uzatilgan reportajda ma’lum qilingan.

Chjaoning ta’kidlashicha, JSST koronavirus laboratoriyada yaratilganligiga hech qanday dalil yo‘qligini ko‘p marotaba qayd etgan.

Xitoylik diplomat AQSh prezidenti Donald Trampning saylovoldi shtabi tomonidan qilingan bayonotini ham qoralagan. Shtab koronavirus tarqalishida Xitoyni javobgarlikka tortish uchun Donald Trampni qo‘llab-quvvatlashni taklif qilgan.

“Bu — umuman mas’uliyatsiz fikr. Pandemiya insoniyatning umumiy dushmani hisoblanadi. Bu kutilmagan global inqiroz oldida barcha mamlakatlar, shu jumladan, Xitoy ham ojiz qoldi. Tovon yoki javobgarlik kabi narsalar haqida qanday gapirish mumkin? JSST aybdorlarni izlash kasallikdan ko‘ra xavfliroq ekanligi haqida bir necha marta ma’lum qilgan”, — deya bayonot bergan Xitoy TIV vakili.

Fox News telekanali reportajida tegishli hujjatlar bilan tanish bo‘lgan bir nechta manbaga tayanilgan. Unda ma’lum qilinishicha, SARS-CoV-2 Xitoyning gen muhandisligi sohasida AQShni orta qoldirishga urinishi natijasida paydo bo‘lgan. Xitoy virusdan biologik qurol sifatida foydalanishni rejalashtirmagan. Uning tarqalishi tasodifan, Uxandagi laboratoriya xodimi virusni yuqtirib olganidan keyin boshlangan. AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo telekanal bilan bo‘lgan suhbatda mazkur ma’lumotni rad etmagan. “Bizga ma’lum bo‘lgani shuki, virus Uxanda paydo bo‘lgan. Bilamizki, Uxandagi virusologiya instituti dengiz mahsulotlari bozoridan bir necha mil masofada joylashgan”, — deb ta’kidlagan davlat kotibi.

2020-yilning yanvar oyi oxirida amerikalik senator Tom Kotton koronavirusning kelib chiqishi haqida gapirib, Uxanda Xitoydagi bioxavfsizlik bo‘yicha to‘rtinchi darajadagi yagona superlaboratoriya borligini ta’kidlagan. Senator mazkur laboratoriya dunyodagi eng xavfli patogenli mikroorganizmlar, shu jumladan, koronavirus bilan ishlashini ta’kidlagan va koronavirusning sun’iy usulda yaratilganligi ehtimolini istisno qilmagan.

Avvalroq AQSh Qurolli Kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi, general Mark Milli Pentagon COVID-19 koronavirusi laboratoriya sharoitida emas, tabiiy usulda kelib chiqqan deb hisoblayotgani, ammo razvedkada bu borada yakuniy xulosalar yo‘qligini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, AQSh davlat kotibi koronavirus pandemiyasida aybdorlar javobgarlikka tortilishini aytgandi.

Avvalroq Xitoy Tashqi ishlar vakili Chjao Litszyan koronavirusni Uxanga amerikalik harbiylar olib kelgan bo‘lishi mumkin degan fikrni bildirgan edi. U bu taxminni AQSh Kasalliklarning oldini olish markazi rahbari Robert Redfild Vakillar palatasida so‘zlagan nutqiga asoslanib aytgandi. Robert Redfild o‘z nutqida grippdan vafot etgan bir necha amerikaliklarning jasadlari tekshirilganda ularning tanasida koronavirus topilganini aytgan.

Tramp Xitoyning koronavirus AQSh harbiylari tomonidan tarqalgani to‘g‘risidagi taxminini yolg‘on deb atagan. Shuningdek, Xitoyda koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha dastlabki holat dekabr oyida emas, 17-noyabrda aniqlangani ma’lum bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, COVID-19 koronavirus infeksiyasi dastlab Xitoyning Uxan shahrida qayd etilgandi. 2020-yilning 11-mart kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusni pandemiya deb e’lon qilgandi.