Qozog‘istonda, Qarag‘anda yaqinida, MiG-31 samolyoti halokatga uchradi. Bu haqda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi axborotiga tayanib “Informburo.kz” xabar qilgan.
“Qozog‘iston Mudofaa vazirligining MiG-31 samolyoti 2020-yil 16-aprel kuni rejadagi parvozni jangovar navbatchilikni amalga oshirishga tayyorlanayotgan vaqtda Qarag‘anda yaqinida halokatga uchragan”, — deyiladi Qozog‘iston Mudofaa vazirligining xabarida.Vazirlik bu borada qo‘shimcha ma’lumot bermagan. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, MiG-31 qiruvchi samolyoti aeroport hududiga qulagan. Samolyotning ekipaj a’zolariga talafot yetmagan.
“Taxmin qilinishicha, uchuvchilar: Gavrilko I.V. hamda shturman Kurmangaliyev A.S. katapulta qurilmasini ishlatishga ulgurgan. Harbiy vertolyot ekipajni Qarag‘anda shahriga yetkazib qo‘ygan”, — deyiladi “KazTAG” agentligining xabarida.
MiG-31 halokati mahalliy vaqt bilan taxminan soat 19:03 da Qarag‘anda aerodromi qo‘nish joyidan 10 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan. Qulashga samolyotning o‘ng tomonida joylashgan dvigatelida kuzatilgan nosozlik sabab bo‘lishi mumkin. Voqea joyiga Qarag‘anda aeroportining avariya-tiklash xizmati xodimlari hamda harbiy qism vakillari yetib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yil 27-dekabrda Qozog‘istonda 95 yo‘lovchisi bo‘lgan samolyot qulagan, keyinchalik aviahalokatga uchragan Bek Air samolyoti qurbonlarining oilalariga 4 million tengedan mablag‘ ajratilgan, 30-dekabrda Olmaota xalqaro aeroporti Bek Air samolyoti halokati xronologiyasini e’lon qilgan, shu kuni mamlakat ichki ishlar vaziri Bek Air samolyotining falokatiga sabab bo‘lgan versiyalarni ma’lum qilgan.
Izoh (0)