Tibet qanday joy? Tog‘li hududmi? Mustaqil davlatmi yoki Xitoyning bir qismiga kiradimi? Yoganing Tibetga qanday daxli bor? Arzamas saytida chop etilgan maqolada bu savollarga javob beriladi. Maqolaning tarjimasini “Daryo”da o‘qishingiz mumkin.
Tibet faqat baland tog‘lardan iborat hududmi?
Bu savolga ham ha, ham yo‘q deb javob berish mumkin. Tibet haqiqatdan ham baland Himolay tog‘larida joylashgan. Uning baland cho‘qqisi Jomolungma bo‘lib, balandligi 8848 metrni tashkil etadi. Shu bilan birga Tibetda tog‘lar bilan birga serunum vodiylar, sahrolar, daryo va ko‘llar ham bor.
Faqat bularning barchasi tepalikda joylashgan. Tibet dengiz sathidan o‘rtacha 4000 metr balandlikda joylashgan. Shuning uchun ham geograflar va sayyohlar Tibetni “Osiyo materigining bo‘rtig‘i”, “stolsimon joy”, “bahaybat supa” deb nomlab kelishadi. Aksar odamlar Tibetni tog‘lardan iborat mintaqa deb o‘ylaydi.Qaysi biri qadimiyroq – Tibetmi yoki Rus?
Bu savolning javobi nima ko‘zda tutilayotganiga bog‘liq. Agar davlatchilikning yuzaga kelishi va dinning qabul qilinishidan kelib chiqsak, Tibet qadimiyroq. Tibetda buddaviylik dini VII asrda qabul qilingan. O‘sha paytda Tibet imperiyasi ham tashkil topgan.
Rusda davlatchilik 862-yilda varyaglarning kelishi bilan paydo bo‘lgan. Xristianlik 988-yilda qabul qilingan. Xitoy yozma yodgorliklari eramizdan avvalgi davrlarda proto-tibetliklarning yashagani haqida ham ma’lumot beradi. Rusda bu borada omad kulib boqmagan, ularning orasida xitoyliklarga o‘xshab tarixiy yozuvlarga qiziqadiganlar bo‘lmagan.
Tibet nima: davlatmi, dinmi yoki joy?
Tibet ko‘p sonli viloyatlardan iborat bo‘lgan geografik joy hisoblanadi. Tibetda bir tilda gapiradigan xalqlar istiqomat qiladi. Bundan tashqari ularning tarixi, madaniyati va dini ham bir. Hozirda bu viloyatlar turli ma’muriy tumanlar va hattoki mamlakatlarga tegishli. Markaziy Tibet Xitoy Xalq Respublikasi tasarrufida. Amdo shimoliy hududi Xitoyning Gansu va Sinxay provinsiyalari bo‘lsa, sharqiy Kxam Xitoyning Yunnan va Sichuan provinsiyalaridir. G‘arbiy tumanlar – Ladakx va boshqalar Hindiston tasarrufida.Tibet Xitoyning bir qismimi?
Hozirda Xitoy deyilganda ko‘pchilik Xitoy Xalq Respublikasini tushunadi, aslida esa asosan, xanlar yashagan Xitoyning bir qismidir.
Sin sulolasini tashkil etgan manchjurlar imperiyasi davrida (XVII—XX asrlarda hukmronlik qilgan sulola) Pekin hokimiyatini qo‘shni Sharqiy Turkiston, Mo‘g‘uliston va Tibet hududlariga yoydi. 1949-yil inqilobidan so‘ng yangi davlat Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgach, mazkur tumanlar muxtoriyat maqomida Xitoy tarkibiga qo‘shildi.1951-yilda Pekinda Tibetning XXR tarkibiga kirishi to‘g‘risida bitim imzoladi va Xitoy xalq ozodlik armiyasi Lxasani egalladi. Shu tariqa Tibet avtonom tumani tashkil topdi va XXR tarkibiga kirdi. Tibetliklar yashaydigan boshqa viloyatlar Xitoy viloyatlarining qismlariga aylandi. Lekin ko‘p tibetliklar Xitoydan tashqari Hindistonda, Nepal va Butanda yashaydi.
Tibetni kim boshqaradi?
Xitoy Tibetning ma’muriy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotini boshqaradi. Shu bilan birga, quvg‘indi Tibet hukumati ham mavjud.
Tibet hukumati 1959-yilda XIV Dalay-lama va unga ergashgan tibetliklar Tibetdan chiqib ketgach tashkil topdi. Bu hukumat quvg‘indagi tibetliklarning madaniyati va maorifi bilan shug‘ullanadi. Ular 150 ming atrofida.
Tibetda kim istiqomat qiladi: tibetliklarmi yo xitoyliklar?
Tibetliklar. Lekin u yaxlit etnos bo‘lmay, amdoliklar, kxambalar, sherplar, ladakxlar va boshqalardan iborat. Hozirda Tibet hududida xitoylar, asosan, amaldorlar va harbiylar, uyg‘urlar (savdogarlar), mo‘g‘ullar (budda monaxlari) ham yashab keladi.
Ular bajaradigan vazifalari orqaligina o‘zaro bog‘langan: xitoylik boshqaradi, uyg‘urlar oshqovoq sotadi, mo‘g‘ullar ibodat qiladi.
Millatlararo nikoh juda kam uchraydi. Tilni tadqiq qilish, ko‘p bo‘lmagan arxeologik qazilmalar, asosan, eramizdan avvalgi II asrga oid Xitoy yozma manbalarining guvohlik berishicha, Tibet xalqining asosini syanlar tashkil qilgan. Syanlar shimoli sharqdan kelib, hinderon, turk-mo‘g‘ul va avstralo-osiyoliklar bilan chatishib, Tibet millatini tashkil qilgan.
Tibet tili mavjudmi?
Tibet tili soni-tibet oilasining tibet-birma guruhiga mansub. Mumtoz yozuv tili VII asrda paydo bo‘lgan.
Shu bilan birga, Tibetda istiqomat qiluvchi turli etnik guruhlar turli shevalarda so‘zlashadi va hamma ham bir-birini tushunavermaydi. Masalan, sinxaylik shaxs markaziy tibetlikni tushunmasligi mumkin yoki aksincha.
Tibetda hamma buddistmi?
Hamma emas, lekin ko‘pchilik. Buddizm tibetliklarning haqiqiy milliy g‘oyasi va ularning o‘zini o‘zi anglashi asosidir. Shu bilan birga, buddizm bir xil bo‘lmay, ko‘plab mahalliy an’analardan iborat.
Yevropa adabiyotida ularni mazhab deyishadi. Ammo bunday nomlanish juda to‘g‘ri emas. Mazhab bu asosiy yo‘nalish va undan ajralib chiqqan oqimlarni anglatadi. Tibet buddizmi esa mahalliy maktablar — ningma, kagyu, gelug va shu kabilardan iborat.
Gelug maktabi XIV asrda tashkil topdi va juda ommaviylashdi. U ibodatxona tuzilishini, diniy marosimlar, qoidalar, monaxlar va ularning kiyimlarini isloh qildi. Masalan, gelug maktabi vakillari baland sariq qalpoqlarni o‘ylab topdi. Shuning uchun ham ularni dastlab sariq qalpoqliklar, keyinroq esa sariqlar deb nomlaydigan bo‘lishdi. Dalay-lama va undan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan Panchen-lama shu maktab vakillaridir. Ba’zi tibetliklar buddizmdan ham oldinroq paydo bo‘lgan ban diniga e’tiqod qiladi. Bundan tashqari, Tibetda oz bo‘lsa-da xriastianlar ham bor.
Dalay-lama kim?
Dalay-lama tibetliklarning diniy rahbari. Hozirgi o‘n to‘rtinchi Dalay-lamaning ismi Tenzin Gyaso. U tibetlik bo‘lib, Amdo viloyatida oddiy buddist oilasida tug‘ilgan.
Buddistlar nazarida qayta tirilish mavjud. Ularning fikricha, vafot etganlarning ruhlari odamlar yoki jonzotlar timsolida gavdalanadi. Ammo buddistlar nazarida hayotga qaytganlar o‘zlarining avvalgi hayotlarini eslay olmaydi, deb ishonadi. Avliyolar esa ma’budlar va o‘tmish buyuk avliyolarining qayta dunyoga kelishidir.
Masalan, Dalay-lama bodxisatva Avalokiteshvarining qayta dunyoga kelishidir. “Tirik xudo” (Yevropa adabiyotlarida) vafotidan so‘ng uning izdoshlari vafot etib qayta tug‘ilgan bolani izlashga jo‘naydi. Sehrli (masalan, alohida belgilar, atoqli din vakillarining tushlari) va tana belgilari (tirnoq va quloqlarning shakli) u yoki bu bolaning yangi Dalay-lama ekanini ko‘rsatadi. XIV Dalay-lama ham shu belgilar asosida tanlab olingan.
Shaolin ruhoniylari ham tibetlikmi?
Shaolin ibodatxonasi markaziy Xitoyda joylashgan, Tibetga hech qanday aloqasi yo‘q.
Shaolin va Tibetni faqatgina buddizm birlashtirib turadi. Shaolin dastlab dao ibodatxonasi bo‘lib, Tibetdan yuz yil avval buddizm dinini qabul qilgan.
Tibetda “ozodlik” so‘zi darhol janjalga sabab bo‘ladi. Buning sababi nimada?
O‘tmishda o‘z davlatchiligi va mustaqilligiga ega bo‘lgan yirik davlat uchun bu siyosiy og‘riqdir. Hozirgi Dalay-lama 1959-yilda qochishga majbur bo‘lgandan keyin g‘arbning qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘ldi va mashhurlikka erishdi.
Shu sababdan ham G‘arbda buddizmning tay yoki birmacha emas, tibetcha tarmog‘i aqidalari keng yoyildi. Aynan shu holat kurdlar, uyg‘urlar yoki boshqa xalqlarning emas, aynan tibetliklarning mustaqilligini talab qiladigan keskin ohangdagi diplomatiyani yaratdi.
Yoga Tibetda paydo bo‘lganmi?
Yo‘q, yoga Hindistonda paydo bo‘lgan. U Tibetga buddizm dini ta’sirida yoyilgan. Yoga bilan birga bebaho adabiy yodgorliklar, yozuv, hind ma’budlariga sig‘inish, afsonalar ham kirib kelgan.
Yoga elementlari oliy ruhiy holatga erishish uchun jismoniy va psixik mashqlardan foydalanadigan tibetlik buddachilarning tantra (sanskritchadan tarjima qilinganda “tikuv mashinasi”, “mato asosi”), ko‘chma ma’noda “asos, manba” sifatida talqin qilinuvchi g‘oyasi asosida tibetliklarning buddaviylik amaliyotiga ko‘chib o‘tadi. Ammo bu tibetliklarning buddaviyligi asosi emas.
Tibetda sivilizatsiya bormi?
Tibet jadallik bilan o‘zgarib bormoqda. Bir necha o‘n yil avval Tibetda o‘rta asrlar sharoiti hukm surardi. Shimoliy tibetliklar chorva bilan shug‘ullanib, ko‘chmanchilik bilan mashg‘ul edi. Sanpo daryosi vohasi aholisi sabzavot yetishtirish uchun yog‘och paqirlarda suv tashir, boy mulkdorlar yollanma ishchilar mehnatidan foydalanar edi.
Tibetda ko‘p erlik va ko‘p xotinlik keng yoyilgan. Vafot etganlarni bo‘laklab, yovvoyi hayvonlarga yem qilish odati tarqalgan edi. 1904-yilda inglizlar Tibetga bosqin uyushtirganda, tibetliklar ularga qarshi kamon va o‘qlardan, qarg‘ishlardan, diniy marosimlardan iborat bo‘lgan qarshi hujum uyushtirgan edi.
Hozirda Lxasada besh yulduzli mehmonxonalar barpo qilindi. Qulay poyezdda sayohat qilish mumkin. Universitetlar, kutubxonalar va nashriyot uylari mavjud. Ammo ayrim hududlarda lxasaliklar eskicha taomilni saqlagan holda hayot kechirishi ham haqiqat. Shunga qaramasdan aksar tibetliklar sehr-joduga moyil. Umuman olganda, bu faqat Tibetgagina xos bo‘lmagan jihatdir, chunki hozirda ham dunyoning ko‘pgina mintaqalarida insonlar din va xurofotga berilib yashab kelmoqda.
Izoh (0)