Namanganlik tadbirkorlarning karantin sharoitida qiynalgan ehtiyojmand oilalar uchun yo‘naltirgan yordamning umumiy summasi 1 milliard so‘mdan oshdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Joriy yil mart oyi oxirida tuzilgan tadbirkorlar saxovat jamg‘armasiga 100 dan oshiq ishbilarmon hissa qo‘shdi. Jamg‘arma kengashi tomonidan hisob raqami ochilib, unga homiylik mablag‘lari qabul qilib olindi. Shuningdek, plastik kartadan pul ko‘chirganlar, oziq-ovqat mahsulotlari keltirganlar, transport vositalarini taqdim etganlar bo‘ldi.
—Jamlangan mablag‘ga ehtiyojmand oilalar uchun zarur un, yog‘, gurunch, makaron, tuxum, shakar, kartoshka kabi 11 turdagi mahsulot xarid qilinmoqda. Namangan shahar homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga kelib tushgan murojaatlar asosida ular har kuni shahardagi mahallalarga yuboriladi, — deydi tadbirkor, shahar kengashi deputati Zayniddin Hojiakbarov.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kungacha jamg‘arma volotyorlari tomonidan Namangan shahridagi 102 ta mahallada joylashgan jami 5192 ta xonadon yo‘qlangan.
Ular orasidan nafaqat ehtiyojmand oilalar, balki kasalxonalar va karantin hududlarida qolayotgan shifokor va hamshiralar, “Mehr-1” va “Mehr-2” operatsiyalari doirasida xorijdan qaytarilgan fuqarolar bor.
Izoh (0)