Shimoli-g‘arbiy Angliyaning Lankashir grafligida yashovchi ayol o‘zining 3 oylik qizalog‘idagi koronavirus alomatlari haqida gapirib berdi, deb yozmoqda The Sun.

Foto: SWNS

Uning aytishicha, 2-aprel kuni chaqaloqning tana harorati 38,5 darajagacha ko‘tarilgan. Ayol tez yordamga murojaat qilgan, unga uyda qolishni maslahat berishgan. Biroq ertasi kuni ertalab bolaning issig‘i 39,1 gacha ko‘tarilib ketgan va nafas olishi qiyinlashgan.

Murojaatga ko‘ra, yetib kelgan tez yodam xodimlari qizchani kasalxonaga yotqizgan, 4-aprel kuni esa unda koronavirus borligi aniqlangan. Davolanish muvaffaqiyatli o‘tib, 2 kundan so‘ng bola kasalxonadan chiqarilgan.

“U hali virusdan butunlay tuzalgani yo‘q. Men hatto virus yuqtirdimmi-yo‘qmi, bilmayman. Chunki menda paydo bo‘lgan yagona belgi bosh og‘rig‘i bo‘lib, dori ichsam ham o‘tib ketmayapti”, — deydi qizchaning onasi.

Ayol, shuningdek, atrofdagilarni shifokorlar tavsiyasiga amal qilishga va uyda qolishga chaqirgan.

Avvalroq Qozog‘istonda koronavirusga chalingan ayol farzandli bo‘lgani, chaqaloqdan COVID-19 tahlili olingani xabar berilgan edi.