O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti qoshidagi Ilmiy-uslubiy kengashning Toshkent shahri Bobur ko‘chasida joylashgan 7-uyning qiymatini belgilash to‘g‘risidagi xulosasini tasdiqladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Avvalroq “Gazeta.uz”da XX asr boshida qurilgan ushbu uy buzilib ketish xavfi ostida ekanligi haqida maqola e’lon qilingandi.

2007-yilga qadar madaniy yodgorliklar ro‘yxatida bo‘lgan 7-uy Toshkent shahrining sobiq hokimi Abduqahhor To‘xtayev buyrug‘i bilan undan chiqarib tashlangan. Oradan 11 yil o‘tgach, quruvchilar aholini uydan ko‘chirishni boshlagan. Biroq uyda istiqomat qiladigan fuqarolarning bir qismi uyni yana madaniy meros obyektiga aylantirishga muvaffaq bo‘lgan.

7-aprel kuni kengashning madaniyat vaziri tomonidan tasdiqlangan xulosasi e’lon qilindi, unda “Toshkent shahri Bobur ko‘chasidagi 7-uy me’moriy yodgorlik sifatida saqlab qolinadi” deyilgan.

Hujjatga ko‘ra ikki qavatli ushbu uy 1930-yillarning ikkinchi yarmida Pedagogika institutining professor-o‘qituvchilari uchun qurilgan.

“7-uy ma’lum badiiy yutuqlarga ega yaxlit kompozitsiyaning bir qismi bo‘lgani sabab davlat ahamiyatiga ega”, —deyiladi xulosada.

Hujjatda ushbu uy 2006-yili nima sababdan madaniy yodgorliklar ro‘yxatidan chiqarilganiga ham izoh berilgan. “Bu qaror vaqtinchalik edi — o‘sha davrda aholi uchun o‘z kvartiralarini xususiylashtirib olishi uchun qilingan. Bu yodgorlik uchun juda foydali, chunki mulk egalari, odatda, o‘z mulklariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lib, uni ta’mirlaydilar. Xususiylashtirilgandan so‘ng esdan chiqib ketilgani sabab yodgorlik qayta ro‘yxatga kiritilmay qolib ketgan”, — deyiladi xulosada.