Ijtimoiy tarmoqlar va Telegram kanallarida tarqatilayotgan respublikada 6-apreldan boshlab favqulodda holat e’lon qilinishi haqidagi videomaterial yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda O‘zbekistonda soxta axborotlarga raddiyalar uchun rasmiy manba — Telegram’dagi “Antifake.uz” kanalida xabar berildi.

Foto: “Daryo”

Kanaldagi postda aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 million 900 ming so‘mdan 89 million 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ham eslatilgan.

Avval Toshkentda “stiker”siz yurgan 152 ta avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgani, 6-apreldan mototransport va velosipedda harakatlanish cheklanishi, tana harorati 37 daraja va undan yuqori bo‘lganlar bozor va supermarketlarga kiritilmasligi, O‘zbekistonning yirik shaharlarida “o‘zini yakkalash” tartibi 6-apreldan majburiy joriy etilishi haqida xabarlar berilgan.