Ijtimoiy tarmoqlarda “Tarona rekords” asoschisi Ravshan Yo‘ldoshevning koronavirusdan vafot etgani haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda. O‘zbekistonda soxta axborotlar uchun rasmiy manba hisoblanuvchi “Antifake” Telegram kanali ushbu ma’lumotlarning noto‘g‘ri ekanligini ma‘lum qildi.

Foto: “Shov-shuv.uz”

“Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim anonim foydalanuvchilar tomonidan ‘asia-times.org’ internet nashrining O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan odamlar o‘lgani haqidagi, xususan, mashhur shou-biznes vakili Ravshan Yo‘ldoshevning ham shu kasallikdan vafot etgani to‘g‘risidagi yolg‘on ma’lumotlar maqsadli ravishda tarqatilyapti. Ma’lum qilamiz, mazkur materiallar yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 million 900 ming so‘mdan 89 million 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Shahzodaning sobiq turmush o‘rtog‘i, xonanda Lolaning otasi, “Tarona Rekords” kompaniyasi asoschisi Ravshan Yo‘ldoshev 30-mart kuni yurak xurujidan vafot etgan edi. Marhum hayotining so‘nggi daqiqalarida uning yonida sobiq rafiqasi, xonanda Shahzoda bo‘lgan.