2020-yilning 17-mart kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahridan olib kelingan 251 nafar fuqaro Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan “O‘zbekgidroenergo” AJga qarashli “Energetiklar” sihatgohida karantinga olingan edi. Ular karantin muddatini tugatib, o‘z uylariga qaytdi. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, dastlab 19-mart kuni mazkur fuqarolardan koronavirusga chalingan yoki chalinmaganligini aniqlash maqsadida tahlil olingan. Tahlillar javobiga ko‘ra, charter reys orqali olib kelingan fuqarolarda koronavirus kasalligiga oid hech qanday belgilar aniqlanmagan.
Karantin yakunida olingan oxirgi tahlillar natijasi ijobiy bo‘lganligi sababli fuqarolarga uyga ketishga ruxsat berilgan.
Avvalroq BAAdan olib kelingan hamda “Energetiklar” sihatgohida saqlanayotgan 7 kishi karantin qoidalarini buzgani uchun 15 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Namangan, Navoiy, Samarqand, Buxoroda karantin muddatini o‘tab bo‘lgan fuqarolar o‘z uylariga qaytgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)