O‘zbekiston hududida 2020-yil 24-mart soat 00:01 dan boshlab koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilishi haqida xabar berilgan edi.

Foto: “Daryo”

Mazkur tartibni joriy etishni ko‘zda tutuvchi hukumat qaroriga ko‘ra, fuqarolar tomonidan Internet jahon axborot tarmog‘i va telefon aloqasi uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli mazkur xizmatlarning ikki oy davomida o‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ucell kompaniyasi tomonidan ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori mobil aloqa tarmoqlari, shu jumladan, Ucell tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar doirasiga kirmaydi hamda kompaniya tomonidan to‘lovsiz xizmatlar taqdim etilmaydi.

“Hurmatli abonentlar! Sizga shuni ma’lum qilamizki, Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan, telefon aloqasi va internet tarmog‘iga ulanish xizmatlarini (simli aloqa tarmoqlarida) o‘chirib qo‘yish taqiqlangan.

Mobil radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari, shu jumladan, Ucell MChJ (Ucell savdo belgisi) tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar ushbu qaror doirasiga kirmaydi va to‘lovsiz xizmatlar taqdim etilmaydi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Kompaniya ta’lim va tibbiyot sohasida ko‘plab saytlarning sahifasiga bepul kirish imkoniyatini ochganligini eslatib o‘tgan. Xususan, qisqa favqulodda yordam xizmatlariga qo‘ng‘iroqlarni bepul amalga oshirish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, BeelineMobiuz, Uzonline va Uzmobile o‘z abonentlariga koronavirusning tarqalishi haqida tezkor va rasmiy ma’lumotlarni olishi uchun “Daryo” va boshqa saytlarga bepul kirish imkoniyatini taqdim etgan.

Eslatib o‘tamiz, 24-martdan O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etildi. Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 50 nafarni tashkil etmoqda.