O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish ishlariga qariyb 5,5 ming nafar tibbiyot xodimi jalb etilgan. Mazkur xodimlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning oylik maoshiga qo‘shimcha 120 foiz ustama to‘lanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-mart, payshanba kuni, bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ko‘rsatma berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, koronavirus tarqalishining oldini olish, shifoxonalarni dori, himoya va diagnostika vositalari bilan ta’minlash, karantin xarajatlarini o‘z vaqtida moliyalashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Kasallanganlarni o‘z vaqtida aniqlash va profilaktikaga e’tiborni kuchaytirish, buning uchun barcha hududiy yuqumli kasalliklar shifoxonalarini ekspress-testlar bilan ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga karantinga olingan fuqarolar nazoratini ta’minlash yuklatildi.

Avvalroq Ichki ishlar vazirligi dezinfeksiyani bahona qilib, uyga kirishga urinayotgan shaxslardan ogoh bo‘lishga chaqirgan edi. Shuningdek, Toshkentda “16” va “1-gorbolnitsa” karantinga yopilgani to‘g‘risidagi xabarlarga izoh berildi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 18-mart, chorshanba kuni, bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida koronavirus bo‘yicha xalqqa murojaat qilgandi. Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 23 kishini tashkil etmoqda.