“Taxtlar o‘yini” serialidagi Tormund roli bilan mashhurlikka erishgan norvegiyalik aktyor Kristofer Xivyuda koronavirus aniqlandi. Bu haqda u o‘zining Instagram’dagi sahifasi orqali ma’lum qilgan, deb xabar beradi “Kinopoisk”.

Foto: Clutch

Aktyorning aytishicha, u hozirda oilasi bilan birga uy sharoitda izolyatsiyalangan va ahvollari yaxshi. Ta’kidlanishicha, ularni biroz shamollash belgilari bezovta qilmoqda.

“Virus ayrim odamlar uchun alohida xavf tug‘diradi, shu sababli ehtiyot bo‘lishlaringizni so‘rayman. Qo‘llaringizni yuvib yuring va bir-biringiz bilan oraliq masofani 1,5 metr atrofida saqlang, karantinda qoling. Virus tarqalishining oldini olish bo‘yicha qo‘lingizdan keladigan barcha ishni qiling”, — deb yozadi Xivyu.

Avvalroq, yangi turdagi COVID-19 koronavirusi bilan Olga Kurilenko va Tom Xenks ham kasallangani haqida xabar berilgandi.