“Mehribonlik kvanti” filmida Jeyms Bondning sevgilisi rolini ijro etgan aktrisa Olga Kurilenko koronavirusni yuqtirib oldi. Bu haqda aktrisa Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Foto: “TASS”

Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, u koronavirus tahlili ijobiy chiqqanidan keyin bir haftadan beri uyda o‘tiribdi.

“Tana haroratining ko‘tarilishi va holsizlik — menda kuzatilayotgan asosiy simptomlar. Ehtiyot bo‘ling va buni jiddiy qabul qiling!”, — deb yozadi Kurilenko.

Avvalroq Gollivud aktyori Tom Xenks va uning rafiqasida koronavirus aniqlangan edi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar soni 4 nafarga yetdi.

15-mart, yakshanba kuni Fransiyada bo‘lib qaytgan o‘zbekistonlik ayolda COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlangani haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng, ayol bilan muloqotda bo‘lgan barcha oila a’zolari Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi yotqizilgandi. Undan tashqari, shu reysda kelib, O‘zbekistonda qolgan yo‘lovchilarning bari aniqlanib, umumiy hisobda 150 kishi izolyatsiyaga olingani haqida xabar berilgandi.