Amerikaning Ogayo shtatida istiqomat qiluvchi fuqaro o‘z avtomobiliga hozirda butun dunyo bo‘ylab tarqalgan yangi turdagi koronavirus nomini vaqtinchalik raqam sifatida rasmiylashtirdi. Endilikda uning 1986-yilda ishlab chiqarilgan Ford Mustang mashinasiga COV1D19 avtomobil raqami ilingan, deb xabar beradi Motor.

Foto: Motor

Amerika — fuqaro o‘zi uchun istalgan raqam va harflardan iborat avtomobil raqamini buyurtma qilish imkoniyatini beruvchi dunyodagi yagona davlatlardan biri. Yagona shart — avtomobil raqamida haqoratli yoki uyatli so‘zlar bo‘lmasligi kerak.

Bu kabi raqamni buyurtma qilish fikri erkakka do‘stlari bilan barda koronavirusni muhokama qilib o‘tirganida kelgan. Suhbat davomida u avtoinspeksiyadan virus nomiga bog‘liq raqamni so‘rab ko‘rishga qaror qilgan.

Foto: Motor

Ertasi kuni Ogayo shtatidagi transport byurosiga borib, buyurtmani amalga oshirgan. Hech qanday muammolarsiz erkakka avtomobil raqamining vaqtinchalik qog‘oz variantini berishgan, yaqin orada unga haqiqiysi topshiriladi.

Fevral oyining oxirida yana bir amerikalik “Men Xudoman” deb yozilgan avtomobil raqamini bermagani uchun Transport departamentini sudga berib, 150 ming dollar tovon puli undirgan edi. 80 yoshli erkak sud jarayonlariga to‘rt yil vaqtini sarflagan, ammo shunga qaramay o‘z maqsadiga erishib, yuqoridagi jumla yozilgan raqamni mashinasiga ilib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan.