Xalqaro olimpiya qo‘mitasi a’zosi Dik Paund Tokio mezbonlik qiladigan navbatdagi yozgi Olimpiada o‘yinlarining o‘tkazilishi borasida qaror e’lon qilinishini ma’lum qildi, deb xabar beradi Associated Press.
Paundning so‘zlariga ko‘ra, Toki0 Olimpiadasi bo‘yicha yakuniy qaror 3 oydan so‘ng e’lon qilinadi.
“May oxirigacha kutamiz. Koronavirus epidemiyasi ustidan nazorat o‘rnatiladi deb umid qilamiz. Agar unday bo‘lmasa, Olimpiada o‘yinlarini bekor qilish variantini ko‘rib chiqamiz”, — deydi Paund.
Avvalroq ushbu epidemiya sabab futbol bo‘yicha Yevro—2020 musobaqasi bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Xitoyda tarqalgan koronavirus ayni damda Yevropa mamlakatlariga ham xavf solmoqda. Italiyada 229 kishi koronavirusga chalingan, olti kishi vafot etgan, faqat bir nafari kasallikdan tuzalgan. Avvalroq Veneto va Lombardiya hududlaridagi barcha ommaviy tadbir hamda sport musobaqalari bekor qilingandi. Shuningdek, Fransiya va Ispaniyada ham bemorlar aniqlangan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)