Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan, 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab san’atkorlar ham daromad solig‘i to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda 17-fevral, dushanba kuni, AOKAda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.

Fazliddin Umarov

Foto: AOKA

San’atkorlar ilgari faqat litsenziya olish paytida davlat boji to‘lar edi. Tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgach, soliq to‘lashdan ozod bo‘lardi. Joriy yildan boshlab, ular to‘laydigan davlat boji to‘rt barobargacha kamaydi va soliq to‘lash majburiyati joriy qilindi. Endilikda yillik daromadi 100 million so‘mgacha bo‘lgan xonandalar qat’iy soliq yoki o‘z ixtiyoriga ko‘ra, deklaratsiya asosida daromad solig‘ini to‘laydi. Agar mablag‘i 100 million so‘mdan ziyod bo‘lsa, ular aylanmadan olinadigan soliq to‘laydi. Daromad bir milliard so‘mdan ortsa, foyda solig‘i va QQS to‘lash talab etiladi.

Mabodo, xonanda o‘z xohishi bilan deklaratsiya asosida soliq to‘laydigan bo‘lsa, yillik barcha daromad va xarajatlari hisobini olib borishi kerak. Masalan, san’atkor yil mobaynida ko‘rsatgan xizmati orqasidan 100 million so‘m daromad topdi, deylik. U qo‘shiq yozishi, klip olishi, sozandalari va boshqa ijodi bilan bog‘liq xarajatlariga sarflagan pullarini hisob-kitob qiladi. Unga litsenziya olayotgan vaqtda to‘lagan davlat bojini ham qo‘shadi. 100 million so‘mdan xarajatlarga ketgan pulini ayirib tashlaydi va oxirida qancha mablag‘ qolsa, shundan 12 foizini daromad solig‘iga to‘laydi.

Bu masala bo‘yicha “O‘zbekkonsert”da Soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Prezident administratsiyasi bilan birgalikda yig‘ilish o‘tkazildi. Xalq artistlaridan to yosh xonandalargacha qatnashgan majlisda yangi tartib muhokama qilindi. Ayrim masalalarga aniqlik kiritish ustida ish olib boryapmiz. Lekin ushbu normaning yo‘lga qo‘yilishi xonandalar uchun katta muammo emas. Bu borada ulardan e’tirozlar ham eshitmadik. Ayni paytda “O‘zbekkonsert” bilan birgalikda soliq to‘lash mexanizmini ishlab chiqyapmiz.

Fazliddin Umarov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

Tadbirda ta’kidlanishicha, 2019-yil yakuniga qadar konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi bir nafar ijrochi tomonidan yiliga o‘rtacha 7 million so‘m (ijrochilarning reyting guruhiga qarab 5,6 million so‘mdan 46,2 million so‘mgacha) davlat boji to‘langan. Litsenziya esa uch oydan besh yilgacha berilgan. Joriy yildan boshlab litsenziya muddati qat’iy bir yil etib belgilandi.

Litsenziya olingandan so‘ng har oyda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida to‘lanadigan pensiya badali (ijtimoiy soliq) miqdori (223 ming so‘m) o‘zgarishsiz saqlab qolindi.