5-fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da (Toshkent vaqti bilan 20:00) Istanbul shahridagi aeroportga samolyotning qattiq qo‘nishi oqibatida O‘zbekiston fuqarosi B.S. jarohatlandi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga asoslanib, TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Reuters

O‘zbekiston fuqarosi  “Medikana” klinikasiga joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va O‘zbekiston fuqarosiga yordam berish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda.

“Konsullik huquqiy departamenti Turkiya hududida bo‘lib turgan fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Anqara shahridagi elchixonasiga (tel: +90 312-441-17-46, +90 312-441-38-71/72) yoki Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga (tel.: +90 212-323-20-37, +90 212-229-00-75) murojaat qilishlari mumkin”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, halokatga uchragan samolyot Izmirdan Istanbulga parvozni amalga oshirgan. Ichida 182 nafar yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan havo kemasi qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, to‘siqlarni bosib o‘tib, chuqurlikka qulagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halokat oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, 179 kishi jarohat olgan.