Eronning Tasnim agentligi Tehron yaqinida Ukrainaga tegishli Boeing 737 samolyoti qulaganidan keyingi ilk daqiqalardagi vaziyat aks etgan videoni e’lon qildi.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda aviahalokat joyidan boshqa videolar ham tarqalmoqda.

OAVda paydo bo‘lgan ilk ma’lumotlarda samolyot bortida 180 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq aeroport vakili “RIA Novosti” agentligiga samolyotda 167 nafar yo‘lovchi bo‘lganini ma’lum qildi. Ularning bari halok bo‘lgani aytilmoqda.

Flightradar24 servisi ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot joylashuvi haqidagi so‘nggi ma’lumot u Tehron yaqinidagi Parand shahri ustidan uchib o‘tayotgan vaqtda olingan. MAU saytida Tehrondan Kiyevga uchgan PS752 reysi mahalliy vaqt bilan 5:15 da (Toshkent vaqti bilan 6:45 da) uchib ketgani ko‘rsatilgan.

“RIA Novosti” Eronning Tasnim agentligiga asoslanib xabar berishicha, samolyot “texnik muammolar” sabab qulagan. Aviahalokat haqidagi ma’lumotni Tehron aeroporti rahbari tasdiqlagan.