Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi tomonidan 27 yoshli R.U.ga firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun hukm o‘qildi. Bu haqda O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, R.U. muqaddam bir necha marta sudlangan bo‘lsa-da, axloq tuzatish ishlari jazosini oxirigacha o‘tab ulgurmasdan, firibgarlik qilgan. U 2019-yilning yanvar oyida tanishi I.B.ga Qarshi shahrida joylashgan novvoyxonaning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishga yordam berishini aytib, buning uchun 2 million so‘m davlat boji to‘lashi kerakligini ma’lum qilgan. R.U. fuqaro I.B.dan 2 million so‘m pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Bundan tashqari, u o‘zining jinoiy faoliyatini davom ettirib, 2019-yilning fevral oyida I.B.ga yer uchastkasi borligini, 15 million so‘m evaziga ushbu yer uchastkasini sotishini aytib, uni aldagan. R.U. uni ishontirib, 15 million so‘m pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Mazkur holat yuzasidan, R.U.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan firibgarlik) bilan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Sud o‘z navbatida R.U.ni yuqorida ko‘rsatilgan firibgarlik jinoyati bo‘yicha aybdor deb topib, uning o‘talmay qolgan jazosini inobatga olib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.