Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik 6-dekabr, juma kuni texnik hamkorlik dasturi doirasida O‘zbekistonda 2020—2021-yillarda amalga oshiriladigan 4 ta milliy loyihani ma’qulladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, umumiy qiymati bir million yevrodan ortiq bo‘lgan mazkur loyihalar texnik salohiyat va inson resurslarini kengaytirish, yadro infratuzilmasini rivojlantirish, O‘zbekistonda yadro energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish uchun obyektlarning yadroviy va radiatsion xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan.
O‘zbekiston tomonidan loyihalar ijrochilari “O‘zatom” agentligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Yadro fizikasi instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti hamda Toshkent shahar onkologiya markazi hisoblanadi.
Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE)ning texnik hamkorlik dasturi O‘zbekistonda yadro-fizika uskunalaridan foydalanishda yadroviy va radiatsion xavfsizlikni mustahkamlash, tibbiyotda va xalq xo‘jaligining boshqa sohalarida zamonaviy yadro texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish, shuningdek, yadro bilimlarini tarqatishni nazarda tutadi.