Biz sud tizimini kompleks rivojlantirish, sudlarning mavqeyini oshirish, sudyalarning daxlsizligini ta’minlash adolatli jamiyat qurishning muhim sharti, deb hisoblaymiz.
Biz insonlar sarson bo‘lishining oldini olish va sud faoliyati sifatini oshirish maqsadida amaldagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunni takomillashtirish orqali fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha tuman, shahar va viloyat sudlari negizida umumiy yurisdiksiya sudlari tashkil qilishni, ularga “xalq sudlari” maqomi berishni, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga nazorat instansiyasi vakolatini yuklash taklifini beramiz.
Ma’lumki, inson huquqlarini ta’minlash va uni munosib himoya qilishda advokatura institutining o‘rni va roli beqiyos. Shu bois biz advokatlarning maqomini yanada ko‘tarish, ularni ijtimoiy himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish, har bir advokat malakali huquqiy xizmat ko‘rsatishi uchun zarur choralarni ko‘rishi, bu boradagi amaldagi qonunlar ijrosi yuzasidan kuchli va samarali nazorat o‘rnatish, sud jarayonida advokatura va prokuratura huquqlari tenglik prinsipini ta’minlash uchun kurashamiz.
Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq sud qarorlarini ijro qilish vakolati prokuratura va ichki ishlar organlariga berilgan bo‘lib, bu holat xalqaro talablarga javob bermaydi. Qolaversa, jazo o‘tayotgan shaxslar ta’qib qiluvchi organlar qo‘lida bo‘lmasligi lozim. Shu munosabat bilan biz barcha ijro bilan bog‘liq vakolatlarni va jazoni ijro etish muassasalarini surishtiruv hamda tergov vakolatiga ega bo‘lmagan, xolis organ – adliya idoralari boshqaruviga berishni maqsadga muvofiq, deb bilamiz. Shunda surishtiruv va tergovdan noroziliklar barham topadi, har qanday noqonuniy xatti-harakatlarning, qiynoq va tayziqlarning oldi olinadi, ijro jarayonida inson huquqlari ta’minlanadi.
Biz huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jamoatchilik oldida hisobot berib borish tartibini qo‘llab-quvvatlaymiz va uning shaffofligini yanada oshirish choralarini ko‘ramiz.
Bugungi kunda dastlabki tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, IIV va DXX tomonidan amalga oshirilmoqda. Dastlabki tergov organlarining tarqoqligi natijasida inson huquqlarining buzilishi holatlari yuz berayotganligi saylovchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Bosh prokuratura va uning quyi organlarining tergov jarayoni ustidan nazorat funksiyasi tobora pasayib bormoqda. Ushbu holatni bartaraf qilish, dastlabki tergov ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida mamlakatda yagona tergov organi – Tergov qo‘mitasini tashkil etish tashabbusini ilgari suramiz.
Baxtiyor Ibrohimov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod
Reklama huquqi asosida.