Fuqarolar bugun nafaqat davlat ahamiyatiga molik huquqiy hujjatlarning qabul qilinishida bevosita ishtirok etishi mumkin, balki ularning ijrosini ham nazorat qilishga haqqi bor. Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan marosimda ham bu haqda to‘xtalib, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan ko‘ra samarali vosita yo‘qligini alohida ta’kidlagan edi. Chunki xalqimizning o‘zi qonun buzilishiga qarshi qattiq turmas ekan, davlat idoralari, mansabdor shaxslar qanchalik urinmasin, qonun ustuvorligini ta’minlash qiyin bo‘ladi.
Barchamizga ma’lum, deyarli ko‘pchiligimiz huquqni muhofaza qilish olganlari bilan qaysidir ma’noda to‘qnash kelganmiz yoki ziddiyatga borganmiz. Misol uchun, uchastka noziri o‘zi xohlagan paytda sizni bezovta qilib, uyingizga kirib kelishi mumkin. Yoki prokuratura organlari sizga rasmiy chaqiruv qog‘ozi jo‘natmay, telefon orqali so‘roqqa chaqirish holatlari hamon davom etyapti.
Shu bois O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik pariyasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlari samaradorligini oshirish tarafdori va bu fuqarolarning huquqni muhofaza qilish tizimiga ishonchini ham mustahkamlaydi.
Ilhom Rajabov, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputatligiga nomzod
Xalq ta’limi tizimidagi ixtiyoriy majburiyatga chek qo‘yish vaqti keldi
Demokratik davlat barpo etishning eng asosiy shartlaridan biri jamiyatda fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish hamda har bir kishida qonunlarga hurmat va itoat qilish tuyg‘usini qaror toptirishdir. Bugun hayotimizda yuz berayotgan ta’magarlik, korrupsion holatlar yuz berishining asosiy sababi kundalik turmushimiz uchun zarur bo‘ladigan oddiy qonun-qoidalarni bilmasligimizdadir.
Yaqinda Toshkent shahridagi maktablardan birida ishlayotgan o‘qituvchilardan biri murojaat qildi. Uning bildirishicha, Xalq ta’limi vazirligining xati va uning asosida tayyorlangan Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘i hamda tuman xalq ta’limi bo‘limi boshliqlarining buyrug‘iga ko‘ra maktabda o‘n va undan katta yoshdagi o‘quvchilardan 4460 so‘m, o‘qituvchilardan esa 8920 so‘mdan ommaviy ravishda “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga a’zolik badali yig‘ilgan. Chunki maktab direktori bu vazirlikning buyrug‘i ekani va u so‘zsiz bajarilishi kerakligini, shikoyatga o‘rin yo‘qligi aytilgan.
Aslida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi va “Jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi qonunlarga asosan har qanday nodavlat notijorat tashkilotiga a’zo bo‘lish ixtiyoriylik asosida amalga oshirilishi qat’iy belgilangan.
Jumladan, maktablarda “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga a’zolik badali yig‘ish ham majburiy asosida bo‘lmasligi lozim. Agar siz o‘z xohishingiz bilan jamiyat a’zoligiga qirgan bo‘lsangiz, badal to‘lashga majbursiz. A’zolikdan istagan paytingizda chiqib ketish huquqiga ham egasiz. O‘zimiz uchun zarur bo‘lgan bunga o‘xshash tartiblarni, haq-huquqlarimizni bilmaganimiz bois, ba’zan yemagan somsaga pul to‘lashga majbur bo‘lamiz.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi saylovoldi dasturida demokratik jamiyatni shakllantirishni jadallashtirish va bu boradagi islohotlar muvaffaqiyati ko‘p jihatdan fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatiga bog‘liqligi ko‘rsatilgan va partiya sud-huquq sohasida demokratik jamiyatning asosi va huquqiy tizim mukammalligi ko‘rsatkichi bo‘lgan fuqarolarda huquqiy ong va madaniyatni oshirishni o‘zining asosiy vazifalaridan biri, deb hisoblaydi.
Zero huquqiy ong fuqarolarning huquqiy bilim-saviyasini belgilasa, huquqiy madaniyat insonning qonunlarga amal qilish darajasini belgilaydi.
Umida Azimova, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatligiga nomzod
Reklama huquqi asosida.