O‘zbekistonda mahkumlar topgan daromadlaridan 2019-yilning 11 oyi davomida o‘z oilalariga jami 16,5 milliard so‘m jo‘natgan. Bu haqda 9-dekabr, dushanba kuni IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, Ishlab chiqarish-texnika boshqarmasi boshlig‘i Sharofiddinxo‘ja Usmonov jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

Sharofiddinxo‘ja Usmonov

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni mehnat bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda mahkumlarning o‘rtacha oylik ish haqi qancha ekanligi haqidagi savolga polkovnik Sharofiddinxo‘ja Usmonov javob berar ekan, mahbuslarning o‘rtacha oylik ish haqi bir million so‘mgacha yetganini aytib o‘tdi.

Mahkumlar topgan daromadlaridan o‘z oilalariga jami 16,5 millard so‘m jo‘natdi.

Tizimdagi davlat unitar korxonalariga zamonaviy texnologiyalarni olib kelish yuzasidan 6,4 million dollar imtiyozli kredit mablag‘lari o‘zlashtirildi.

Kredit mablag‘lari hisobidan 7 ta ishlab chiqarish tarmog‘i, 2 ta zamonaviy issiqxona tashkil etish hamda 6 ta maxsus texnika vositasini xarid qilish rejalashtirilgan. Xorijidan zamonaviy texnologiyalarni olib kelish maqsadida Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya kompaniyalari bilan shartnomalar imzolangan.

Joriy yilning 11 oyi mobaynida jazoni ijro etish tizimida ishlab chiqarish quvvatini oshirish natijasida 3 231 ta yangi ish o‘rni yaratilib, qo‘shimcha 3 995 nafar mahkumning bandligi ta’minlangan. Jami mehnatga layoqatli mahkumlarning 88 foizi mehnatga jalb etilgan.

Sharofiddinxo‘ja Usmonov, IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, Ishlab chiqarish-texnika boshqarmasi boshlig‘i