O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasi hududidan O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan bir bosh Buxoro bug‘usi (xongul) 29-noyabr, juma kuni Surxondaryo viloyati Termiz tumani “Ayritom” mahallasi hududiga o‘tib, mahalliy aholining xonadoniga kirib qoldi.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi matbuot xizmati

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur hodisaning guvohi bo‘lgan mahalliy fuqarolar Bozorov Sardor, Xudoyberdiyev Botir, Behruz Rahmonov viloyat IIB YXXBga xabar bergan.

O‘z navbatida IIB xodimi Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan bog‘lanib, holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirgan.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi matbuot xizmati

Qonuniy to‘xtamga kelgunga qadar bir bosh Buxoro bug‘usi Termiz hayvonot bog‘iga vaqtinchalik saqlash uchun topshirilgan. U hayvonot bog‘ining maxsus hayvonlarni saqlash joyiga joylashtirilib, veterinarlar tomonidan nazoratga olingan.