“Liverpul” Angliya Premyer Ligasining 14-turida “Brayton”ni mag‘lubiyatga uchratdi (2:1).

Foto: Squawka

Mersisaydliklar darvozaboni Alisson uchrashuvning 76-daqiqasida jarima maydoni tashqarisida qo‘l bilan harakat qilgani uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochkaga loyiq ko‘rildi. Shu tariqa braziliyalik futbolchi “Everton”ga qarshi kechadigan Mersisayd derbisini o‘tkazib yuboradi.

Alisson faoliyati mobaynida ilk bor qizil kartochka oldi. U shuningdek, APLda qizil kartochka ishlab olgan 2011-yidan keyingi ilk “Liverpul” darvozaboniga aylandi.

Uchrashuvda Alisson o‘rnini Adrian egalladi. Ta’kidlash joiz, ispaniyalik darvozabon 79-daqiqada jarima zarbasidan gol o‘tkazib yubordi. Posbon jonli devorni o‘rnatish bilan band bo‘lib turgan vaqtda raqib futbolchisi Lyuis Dank hakam hushtagidan so‘ng darvozaning chap burchagini aniq nishonga oldi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!