Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Andijon viloyat boshqarmasida xorijlik sarmoyadorlar bilan uchrashdi, deb xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Foto: Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati

“Xonobod Kyu Bi Koin” MChJ mutaxassislari viloyatda turli rusumdagi elektromobillarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Viloyat rahbari xorijlik sarmoyadorlar bilan suhbat davomida ushbu loyihani to‘laligicha qo‘llab-quvvatlashini bildirib, ularga belgilangan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanish borasida tushunchalar bergan.

Quvvatini bir marta tiklaganidan so‘ng, 100—150 kilometr masofani bosib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lgan yengil va yuk avtomobillari, elektrobus, mototsikl va maxsus texnikalar ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otayotgani alohida ta’kdilangan.

Shu bilan birga, viloyat hokimi ichki ishlar idoralari xodimlariga mo‘ljallangan maxsus mashinani Andijon shahri sharoitida sinovdan o‘tkazish borasida topshiriq bergan.

“XAN rusumidagi elektromobillar ajoyib texnik tavsifga, zamonaviy qiyofaga ega. Qolaversa, ularni oddiy uy sharoitida quvvatlantirish ham juda osondir”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Andijon viloyati Xonobod shahrida elektromobil ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilayotgani, loyiha qiymati 2 milliard so‘m deya baholanayotgani ma’lum qilingan edi.