Xalq orasida “Narxoz” nomi bilan tanilgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (TDIU)ning ko‘p yillik rektori Bahodir Xodiyev ishdan olindi. Aytishlaricha, Xodiyevning ishdan olinishi ortidan “Narxoz”da katta tozalash boshlanadi (qanaqa tozalash? Nega birdan?). Shu vaqtgacha oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari bo‘lgan Qo‘ng‘irotboy Sharipov — TDIUning yangi rektori.

Bahodir Xodiyev.
Foto: “Gazeta.uz”

Kunning eng dahshatli reportaji: Kosonda o‘quvchi qiz 15 yoshida ona bo‘ldi — maktab rahbariyati, tuman XTB va tug‘uruqxona mas’ullari hodisani bir yildan ortiq yashirgan. Chaqaloq tug‘ilganidan so‘ng uni, tug‘uruqxona xodimi bilan kelishib, tug‘uruqxonada qoldirib ketishgan — so‘ngra uni ko‘chadan topildi qilib, boshqa oilaga farzandlikka berishgan.

Narx-navo haqida. O‘zbekistonda buxanka non narxi so‘nggi 20 kun ichida ikkinchi marta qimmatlashdi — avvaliga 1350—1500 so‘mgacha, keyin 1600—1900 so‘mgacha. Nachora, buyog‘iga shunaqa bo‘laveradi — erkin narxlar degani shu. Chorasi — inflyatsiyaga qarshi kurash. Moliya vaziri birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetovning aytishicha, agar O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi pasaymasa, islohotlardan ma’no qolmaydi.

G‘alati qarorlar. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov bir kun avval ham jamoaning Qirg‘izistonga qarshi o‘yini televideniye orqali ko‘rsatishiga qarshi edi, bugun esa fikri o‘zgarib qoldi. Undan ham g‘alatiroq qaror Uzbekistan Airways tomonidan Samarada qoldirilgan xasta vatandoshimiz tomonidan qabul qilingan — u O‘zbekistonga taksida yo‘lga chiqibdi.

Mantiqli va mantiqsiz cheklovlar. Rejissor Zulfiqor Musoqov asabiy — “Berlin-Oqqo‘rg‘on” filmidagi Germaniya bayrog‘i aks etgan lavhani u bayroq Toshkentning Xalqlar do‘stligi maydonidagi O‘zbekiston bayrog‘idan katta bo‘lgani uchun kesib tashlashibdi (O‘zMTRKdan mantiq kutmang). Qozog‘iston rasmiylari esa qo‘shni mamlakatlar, xususan, O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlamaslik uchun mantiqan to‘g‘ri qaror qabul qildi — mamlakatdan benzin olib chiqishni taqiqladi.

Jahonda yana nima gap? Hindistonlik erkak bir o‘tirishda 50 ta tuxum yeyishdan bahs boylab halok bo‘ldi. Turkiya Al-Bag‘dodiyning opasi va uning oila a’zolarini hibsga oldi. Putin 11 nafar generalni ishdan bo‘shatdi. Shveysariyada Krishtianu Ronalduning sartaroshi o‘ldirib ketildi. Istanbulda yana bir o‘zbekistonlik vafot etdi.

Agar yuqoridagi xabarlar shodasiga “to‘ymasangiz”, u holda O‘zbekistonda 2000 dollarga qanday qilib to‘y qilish mumkinligi haqidagi videolavhani tomosha qiling yoki IIV qaysi harf ishtirokida avtoraqam chiqarmasligini bilib oling.