Avvalroq, Sankt-Peterburgdan Urganchga uchayotgan samolyot yo‘lovchilardan birinining o‘zini noqulay his qilgani uchun Samara aeroportiga favqulodda qo‘ngani haqida xabar berilgandi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining yozishicha, ushbu yo‘lovchi O‘zbekistonga taksida yo‘lga chiqqan.

Foto: Sputnik

“Tez tibbiy yordam shifokorlari sog‘lig‘ining yomonlashishi xavfi tufayli ko‘rsatilgan yo‘lovchiga parvozni davom ettirishni tavsiya qilmagani sabab samolyot Urganchga parvozini davom ettirgan. Shu sababli yo‘lovchi Tashqi mehnat migratsiya xizmati uni vatanga qaytarish masalasini hal qilishga tayyor bo‘lganiga qaramasdan, o‘sha kunning o‘zidayoq O‘zbekiston tomon taksida yo‘lga chiqqan”, — deyildi xabarda.

Ma’lum bo‘lishicha, yo‘lovchi qon bosimi oshishi tufayli o‘zini yomon his qilgan. Samara aeroportida samolyotni reanimatsiya va tez yordam mashinalari kutib olgan, yo‘lovchiga kerakli yordam ko‘rsatilgan va u shifoxonaga joylashtirilgan. Samolyot esa 4-noyabr kuni soat 14:20 da o‘z parvozini davom ettirgan.

Ta’kidlash kerakki, bu kabi favqulodda qo‘nishlar birinchi marotaba emas. Xususan, oktabr oyining o‘rtalarida Farg‘onadan Moskvaga parvoz payti yo‘lovchilardan biri o‘zini yomon his qilgani uchun samolyot Samarada favqulodda qo‘nishni amalga oshirgandi. Uzbekistan airways’ning Toshkentdan Sankt-Peterburgga uchgan samolyoti ham yo‘lovchilardan birining salomatligi yomonlashgani sabab Qozon shahridagi aeroportga qo‘nishga majbur bo‘lgandi. Oradan bir kun o‘tib, “Moskva—Pxuket” bo‘yicha uchgan Boeing mast yo‘lovchi sabab Toshkentga qo‘ngandi.