Koson tumanidagi 6-maktab o‘quvchisi 2018-yil 10-may kuni 15 yoshida farzandli bo‘ldi. DNK xulosasiga ko‘ra, chaqaloqning otasi — gumonlangan shaxs B.B. emas, A.J. bo‘lib chiqdi. Yanayam ajablanarlisi, sud tibbiy ekspertiza mutaxassislari A.J.ning erkakligida muammo borligini aytmoqda.

Koson tumani 6-o‘rta maktab.
Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshev jumboqli vaziyat tafsilotlarini o‘rgandi.

— O‘quvchim homilador ekanligini 2018-yilning may oylarida bildim, — deydi farzand ko‘rgan o‘quvchining sinf rahbari Mohira Jonquvvatova. – Shu paytga qadar umuman sezilmagan. Mahallada gap-so‘z tarqalgach, uylariga borib onasidan so‘radim. Onasi buni rad etdi. Shunchaki mazasi yo‘qligini aytib, qizining sog‘lig‘idagi muammolarga o‘zi javobgarligini bildirdi. O‘quvchim umuman dars qoldirmasdi, o‘sha paytda 4 kun darsga kelmadi.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan o‘qituvchilar Qunduz Narzullayeva, Gulsara Qosimova, Gulnoza Qalandarovalar hamda direktor o‘rinbosari Bekzod Bahorovlar ham voqeadan 2018-yil may oylarida xabar topishganini, unga qadar o‘quvchi qizning homilasi haqida ma’lum bo‘lmaganini bildirmoqda.

— Bir kuni kotibam yonimga kelib, “domla sizga bir xabarni aytishim kerak, o‘quvchimiz N.B. homilador bo‘lib qolibdi”, dedi, — deydi maktab direktori Ozoda Davronova. – Avvaliga esankirab qoldim. So‘ngra o‘quvchimizni chaqirib, vaziyatni bilmoqchi bo‘ldim. 46 yillik ish tajribasiga ega pedagog Oysara Itolmasovani chaqirib, maslahat so‘radim. O‘quvchining homiladorligi ko‘rinishidan sezilmasdi. Shu boisdan uning ahvolini so‘radik. Qiz mazasi yo‘qligini, shifokorga borishganida, ko‘richak deyishganini aytdi. So‘ngra qizning onasi bilan ham gaplashdim. Onasi bor gapni aytdi va “hech kimga aytmang, bu yerda qizimning sha’ni turibdi”, dedi. Ammo men tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri — rahbarimga bu haqda xabar berdim.

Ozoda Davronova.
Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchi qizning farzand ko‘rish voqeasi yashirilgan. Hech kimga xabar berilmagan.

O‘quvchi qizning Gavhar ismli xolasi voqeaning hech kimga xabar berilmasligini shunday izohladi.

— O‘sha payt prokuratura yoki ichki ishlarga xabar beramiz deganimizda maktab direktori bizni qo‘rqitdi, — deydi qizning xolasi. — Direktor deputat ham ekan-da. Shu sababdan hech kimga murojaat qilolmadik. Qo‘rqdik. Qolaversa, o‘sha voqeadan so‘ng opamning sog‘lig‘i yomonlashib qoldi. Opam bilan ovora bo‘lib qoldik.

Aniqlanishicha, voqea xususida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga jabrlanuvchilar emas, maktab o‘qituvchilari xabar bergan. O‘qituvchilar direktor Ozoda Davronova harakatidan norozi bo‘lgan.

— 2019-yil mart oyida maktab direktoridan norozi o‘qituvchilar Bosh prokuraturaga murojaat qilishgan va shikoyat xatlarida ushbu voqea xususida ham yozishgan, — deydi Koson tuman IIB tergovchisi Nodir Murodov. – Shundan so‘ng, tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro B.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi bilan ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlarini olib borish tuman IIBga yuklatilgan.

Koson tuman IIB.
Foto: “Daryo”

Tergovchining aytishicha, tuman prokuraturasi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlarida o‘quvchi qiz N.B. dunyoga keltirgan farzandining otasi B.B. ekanligini aytgan. Shundan so‘ng, B.B.ga ish ochilib, surishtiruv jarayonlari boshlangan.

— Qo‘shnim bo‘lib o‘tgan voqeani aytib, qizining dunyoga keltirajak farzandi mening o‘g‘limdan ekanligini aytgach, barcha mas’uliyatni zimmamga oldim, — deydi otalikda gumonlangan B.B.ning onasi M.B. – Hatto farzandlarimizni unashtirib ham qo‘ydik. Maktabni tugatgach, 2020-yil to‘y qilib tushirib olishga kelishdik. Ammo tug‘ruq vaqti yaqinlashgach, qizning onasi menga “to‘y qilishiz shartmas, boladan qutulsak bo‘ldi”, dedi.

M.B.ning “Daryo” muxbiriga aytishicha, tug‘ruq vaqti yaqinlashgach, o‘quvchi qiz N.B.ning onasi N.R. chaqaloqdan qutilish taklifini bergach, M.B. taklifga asosan ish ko‘radi. Shu sabab to‘y masalasi ham to‘xtaydi.

Rejaga ko‘ra, 2018-yil 10-may kuni tug‘ilgan qiz farzand tug‘ruqxona xodimi bilan kelishilgan holda, tug‘ruqxonada tashlab ketilgan. So‘ngra ko‘chadan topildi qilinib, boshqa oilaga farzandlikka berilgan.

Koson tuman tug‘uruqxonasi.
Foto: “Daryo”

— Bola tug‘ilgach, uni tug‘ruqxonada qoldirib, uyga qaytdik, — deydi M.B. – Bolaning keyingi taqdiridan xabarim yo‘q.

Tergov-surishtiruv jarayonlarida chaqaloq topilgan. Ayni kunda chaqaloq o‘zga xonadon farzandi hisoblanadi.

— 2019-yilning iyun oyida chaqaloqni topdik, — deydi tergovchi. – Shundan so‘ng DNK tekshiruvini o‘tkazdik. Natija 23-iyul kuni chiqdi. Ammo otalikda gumonlangan B.B. chaqaloqning biologik otasi bo‘lib chiqmadi. Shundan so‘ng, yana surishtiruv jarayonlarini davom ettirdik. Otalikda gumonlangan B.B.ning ma’lumot berishicha, o‘quvchi qiz N.B. bilan A.J., A.O. ismli shaxslar ham yaqin munosabatda bo‘lgan. A.J. va A.O.larga nisbatan ham DNK tekshiruvi o‘tkazildi va natijada A.J. chaqaloqning biologik otasi bo‘lib chiqdi.

Chaqaloqning otasi bo‘lib chiqqan A.J. esa “Daryo” muxbiri bilan suhbatda bu unga qo‘yilayotgan katta ayblov ekanligini, erkaklik quvvati sust bo‘lgani bois ham turmush o‘rtog‘i uni tashlab ketganini aytmoqda.

— Uyat bo‘lsa ham aytaman, menda erkaklik quvvati sust, deyarli yo‘q, shu bois ham guldek ayolim qiz holatida meni tashlab ketgan, — deydi A.J. – Ammo tergovchi menga ishonmadi va sud tibbiy ekspertizasiga olib bordi. Kun davomida har xil tabletkalar ichirib, mendagi xohishni uyg‘otmoqchi bo‘lishdi. Ammo foydasi bo‘lmadi. Ukol ham qilishdi. Baribir natija chiqmadi. Shunday bo‘lsa-da, chaqaloqning otasi men ekanligimni aytishmoqda.

Tergovchining ma’lumot berishicha sud tibbiy ekspertiza xulosasida A.J.da hozirgi kunda haqiqatan ham erkaklik quvvati sustligi aniqlangan.

— Biroq ekspertiza xulosasida A.J.da 2016–2018-yillar davomida erkaklik quvvati mavjud bo‘lgani aytilgan, — deydi Nodir Murodov. – Voqea esa 2017-yil avgust oyida bo‘lgan. Qolaversa, DNK tekshiruvi 99 foiz aniq ma’lumot beradi. Shu boisdan ham chaqaloqning otasi A.J. bo‘lgan degan xulosaga kelganmiz.

A.J.ning aytishicha, u 2016-yil noyabr oyida oila qurgan. To‘ydan 3 oy o‘tgach, 2017-yil fevral oyida turmush o‘rtog‘i uni tashlab ketgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsiddinovning “Daryo”ga bergan ma’lumotida aytilishicha, o‘quvchi qiz farzandini 2018-yil 11-may kuni dunyoga keltirgan. 2019-yil 7-oktabrda B.B. va A.J. Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismida ko‘rsatilan jinoyatni sodir qilganligi o‘z tasdig‘ini topib, ular N.B. bilan 2017-yil avgust oyida jinsiy aloqada bo‘lganligi aniqlangan. Biroq Jinoyat kodeksining 64-moddasi 1-qismi “a” bandi, ya’ni ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etgan shaxs jinoyat sodir etgan kundan boshlab ikki yil muddat o‘tgan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinishi prinsipiga asosan ayblilik masalasini hal qilinmay turib jinoyat ishi tugatilgan.

IIB tergovchisi Nodir Murodov “Daryo” muxbirining “o‘quvchi qizning nomusiga tegish ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sirasiga kiradimi?”, — deya bergan savoliga shunday javob berdi.

— O‘quvchi qiz bilan bo‘lib o‘tgan voqea Jinoyat kodeksining 128-moddasiga ko‘ra, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish hisoblanadi, — deydi Nodir Murodov. – Ming taassufki, bu holat B.B. bilan bir necha marta takrorlangan. Qolaversa, N.B. faqatgina B.B. bilan emas, bir necha kishi bilan yaqinlik qilgani aytilyapti. Eng yomoni, o‘quvchi qiz ham yaqinlari ham bu haqda shikoyat qilmagan. Ya’ni zo‘rlash alomatlari mavjud biror bir dalil yo‘q. Shuning uchun ham ushbu holat har ikki tomon roziligi bilan amalga oshirilgan degan qarash mavjud.

Nodir Murodov.
Foto: “Daryo”

Maktab rahbariyati “Daryo” muxbiriga o‘quvchi qiz N.B. tomonidan 2019-yil 10-aprel kuni maktab direktori nomiga yozilgan tushuntirish xatini taqdim etdi. Unda yozilishicha, o‘quvchi qiz 2017-yil iyul oyida momosinikiga borganda, eng avvalo, xolasining o‘g‘li A.O. ismli qarindoshi bilan, so‘ngra A.J. bilan undan keyin esa B.B. bilan yaqinlik qilganini yozadi.

Ushbu tushuntirish xatini qizning o‘zi yozganmi yoki yo‘qmi bunisi bizga qorong‘i.

IIB tergovchisining qo‘shimcha qilishicha, ushbu holatdan o‘z vaqtida xabar topgan, ammo mutasaddi tashkilotlarga xabar bermagan maktab rahbariyati, tuman XTB mas’ullari va Koson tuman tug‘ruq kompleksi rahbariyatining xatti-harakatiga nisbatan chora ko‘rilishini so‘rab tuman IIB tomonidan prokuraturaga taqdimnoma kiritilgan.

Muallif:Otabek Qo‘ldoshev